O‘zbekistonda qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklar realizatsiyasi tezlashtiriladi. Bu haqda “Qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklar realizatsiyasini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-maydan ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan banklarga va ular huzuridagi investitsiya kompaniyalariga auksionda sotilmasdan qarzdorliklarni so‘ndirish evaziga bank balansiga olingan mol-mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga, shu jumladan, kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, lizing shartnomalari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali sotishga ruxsat etiladi.
Tijorat banklariga qarzdorliklarni so‘ndirish evaziga bank balansiga qabul qilingan bino-inshootlar, texnologik uskunalar va boshqa mol-mulklar negizida tijorat banklari huzuridagi investitsiya kompaniyalari orqali to‘xtab qolgan ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) faoliyatini tiklab, ularni tayyor biznes sifatida salohiyatli investorlarga sotish huquqi beriladi.
2025-yil 1-sentyabrdan da’vo arizasi bo‘yicha ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish uchun da’voning maksimal bahosi
- yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 150 baravarigacha (56 million 250 ming so‘mgacha),
- yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan 100 baravarigacha (37,5 million so‘mgacha),
- jismoniy shaxslarga nisbatan 50 baravarigacha (18 million 750 ming so‘mgacha) oshiriladi.
Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar miqdori bir yilda 3,5 trillion so‘mga ortdi. 2025-yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi tijorat banklarining muammoli kreditlari (NPL) 24 trillion 348 milliard so‘mga yetdi. Taqqoslash uchun, 2024-yil mos davrida muddati o‘tgan qarzlar ulushi 20 trillion 850 milliard so‘m bo‘lgan.
Izoh (0)