O‘zbekistondagi eng shov-shuvli moliyaviy piramida asoschisi Ahmadjon Tursunboyev haqida eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. “Chinozlik Ahmadboy” nomi bilan mashhur ishbilarmonning “to‘ri”ga ilinib, chuv tushgan fuqarolar ham mingdan ko‘p. Uning 2006-yilda boshlangan noqonuniy faoliyati o‘n yildan keyin — 2016-yilning yozida fosh bo‘ladi. “Daryo” hozirda jazo muddatini o‘tayotgan Ahmadboyning “tadbirkorlik” ishi bilan bog‘liq barcha tafsilotlarni bir sahifaga jamladi.
Ahmadboy faoliyatiga oid ilk ko‘rsatuv
Ahmadboy Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi “Chinoz halol chorva” va “Chinoz Avto Hamkor” korxonalariga asos soladi. U ikki barobar qilib qaytarish va’dasi bilan juda katta miqdordagi omonat mablag‘larni milliy va xorijiy valyutada qabul qilish bilan 2006-yildan beri noqonuniy ravishda shug‘ullanadi. Bundan tashqari, u foizlik ustama to‘lash sharti bilan aholiga xorijiy valyutada qarz ham berib keladi. Uning bu faoliyati haqida maxsus ko‘rsatuv tayyorlanadi va 2016-yilning iyunida “Toshkent” telekanalida efirga uzatiladi.“Hozirgi kunda Ahmadjon Tursunboyevga pul bergan yoki pul olgan odamlar soni bir necha o‘n mingga yetgan”, — deyiladi ko‘rsatuvda.
Aniqlanishicha, Ahmadboy aholidan avtomashina va qimmatbaho buyumlarni qonunga zid ravishda qabul qilib oladi, bu munosabatlarni huquqiy jihatdan hech qanday rasmiylashtirmay, “shunchaki o‘zining ish daftarlariga qayd etish bilan kifoyalanadi”. Uning noqonuniy faoliyatdan kunlik pul aylanmasi 3—4 milliard so‘mni, AQSH dollarida 1 million atrofidagi summani tashkil etadi.
“Shunisi e’tiborliki, Tursunboyev odamlardan pul qabul qilayotganida hech qanday kafolat bermagan. Boz ustiga, agar o‘ziga biror kor-hol bo‘lsa, yaqin qarindoshlariga, farzandlariga hech qanday da’vo qilmaslik shartini qo‘ygan. Xo‘sh, u holda Tursunboyev qanday qilib odamlarning ishonchini qozongan? Ahmadjon Tursunboyev aholining pullarini bir yil muddatda ikki barobar oshig‘i bilan qaytarish va’dasi bilan qiziqtirgan va faoliyatining dastlabki paytlarida odamlarning kuchli ishonchiga kirgan”, — deyiladi reportajda.
Ahmadboy odamlardan olgan pullarining bir qismini xorijiy davlatlardan turli tovar, moddiy boyliklar olib kelib sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga ma’lum miqdordagi foyda evaziga qarzga berib keladi. U shunday noqonuniy faoliyat bilan 4-5 yil shug‘ullanadi.
Noqonuniy ravishda odamlardan olgan pullari evaziga Cadillac Escalade, BMW, Lexus kabi qimmatbaho avtomashinalar sotib oladi, Chinoz tumani hududidagi yer maydonida chorvachilik xo‘jaligini tashkil qiladi, o‘z turar joylarida katta miqdordagi xorijiy va milliy valyutadagi naqd pul mablag‘lari va qimmatbaho boyliklarni to‘playdi.
“O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Ahmadjon Tursunboyev va uning yaqin qarindoshlarining uy-joylari va ularga qarashli korxonalarda aytib o‘tilgan tartibda o‘zlashtirilgan 13 milliard 139 million so‘m va 7 million 900 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar borligi aniqlandi va bu pullar qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, daliliy ashyo sifatida olindi”, — deyiladi ko‘rsatuvda.
Shov-shuvli surishtiruv: “Ahmad vasvasasi”
2016-yilning 30-iyun payshanba kuni O‘zMTRKning “O‘zbekiston”, “Toshkent” va “Yoshlar” telekanallarida Ahmadboy haqida “Ahmad vasvasasi” nomli ko‘rsatuv efirga uzatiladi. Ko‘rsatuvda uning o‘zi ham intervyu beradi va quyidagi gaplarni aytadi:Boshi berk ko‘chaga kirib qolib, keyin chiqib keta olmadim. Orqaga yo‘l yo‘qligini bilardim. Unikini bunga, bunikini unga berib, shu ishga kirib ketganman. Bankrotga uchradim. Pul yetkazib bera olmadim. Asta-sekin (faoliyat ko‘lami) kattalashib ketdi. Ayni vaqtda qancha odam (qamrab olinganini) bilmayman. O‘nta zavodi bor odam ham buni eplay olmaydi. Yashirmayman, men bu o‘yinga kirib qolganman va undan chiqib keta olmaganman. Aholidan uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan pushaymonman, — deya ta’kidlagan u.Ko‘rsatuv davomida Ahmadboyning faoliyatidan jabrlangan shaxslarning intervyulari, shuningdek, o‘qituvchi Baxtigul Begaydarovaning murojaati ham e’lon qilinadi.
“Dars o‘taman, o‘quvchilarga: ‘Halol bo‘linglar, yaxshi o‘qinglar’, deyman. Bir o‘quvchi aytadi: ‘Ustoz, o‘qi-o‘qi deyavermang! Ming so‘ming bo‘lsa, Ahmadboyga berib qo‘ysang, yeb yotasan. Falonchiga qarang — uy qurib oldi, unisiga qarang — Captiva minib oldi’. Bu kabi gaplarni hozir beshinchi-oltinchi sinf o‘quvchilari aytyapti. Mana shu Ahmadboyning dastidan o‘quvchilarni o‘qish, mehnat qilish qiziqtirmay qo‘ydi.
Shunday holat yuzaga kelishida men kimni ayblayman? Birinchidan, vijdonsiz, mansabxo‘r shaxslarni! Hokim, ichki ishlar bo‘limi nega shu kungacha bularni tekshirmadi? Oddiy xalq vakili ko‘chaning bir chekkasida ‘perashka’ sotib o‘tirsa, soliqchi darrov yugurib keladi: ‘Nega sotyapsan?’, deb. Nima uchun Ahmadboyni hech kim ushlamadi? Shu vaqtgacha uni to‘xtatishganida edi, shuncha xalq qaqshab qolmas edi”, — deydi chinozlik o‘qituvchi Baxtigul Begaydarova.
Ko‘rsatuv davomida Ahmadboyga tegishli “Chinoz Avto Hamkor” kompaniyasida yurist lavozimida ishlagan Oybek Isoqov shunday deydi: “Katta lavozimdagi odamlar mijoz bo‘lganini o‘zi ham aytardi, hokim keldi yoki militsiya keldi deb kassadagilar ham maqtanib o‘tirishardi. Mashhur artistlar, katta lavozimdagi kishilarning nomlarini aytishar, biri 300 ming, boshqasi 400 ming pul berib, mijoz bo‘ldi, degan gaplar bo‘lardi”.
“Hokim bilan telefonda bir narsalarni gaplashardi, nimalarni gaplashishini bilmasdim. ‘Hokim buva’ deb gaplashganini ikki-uch marta sezdim”, — deyiladi ko‘rsatuvda Ahmadboyning yaqin maslahatchilaridan biri deb ko‘rsatilgan sobiq militsioner Tohir Mustafoqulov.
Ahmadboyning “shogirdlari” va “hamtovoqlari”
Ahmadboy bir o‘zi ishlamaydi — uning qator yordamchilari, shuningdek, undan ilhom olgan izdoshlari ham bo‘ladi. Ahmadboyning qo‘lga olinishiga bag‘ishlangan “Ahmad vasvasasi” maxsus ko‘rsatuvida uning yo‘lidan borgan “shogirdlari” va “hamtovoqlari” deya ta’riflangan shaxslar haqida ham ma’lumotlar keltiriladi.Ahmadboy qurayotgan piramidaning tezkorlik bilan o‘sib borishining sabablaridan biri uning joylarda filiallar ochishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Ana shundaylardan biri — uning ishonchini oqlab, mehr-u muhabbatiga sazovor bo‘lgan Quvonchbek Abdulqosimovdir.
Quvonchbek Abdulqosimov Chinoz tumanidagi Sutbuloq mahallasida aholidan naqd pul, avtomashina, chorva mollari va qimmatbaho buyumlarni qabul qilib, Ahmadboyga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Ammo bu munosabatlar xayrli yakun topmaydi.
Mana shu yerga kelganida moliyaviy piramidaning asosiga zil ketganini fahmlash qiyin emas. O‘zaro murosasizliklar nish urayotgan paytda Quvonchbek Abdulqosimovning va’dasiga ishongan odamlar Ahmadboydan pullarini so‘rab, da’vo qila boshlaydi.
Nuriddin Abulg‘oziyev noqonuniy yo‘l bilan orttirgan boyliklari hisobiga Yangiyo‘l shahrida joylashgan ko‘p qavatli 140-uyning birinchi qavatini to‘liq sotib oladi va u yerda fitnes-klub qurish ishlarini boshlab yuboradi.
Ahmadboy huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olinganidan keyin tahlikaga tushib qolgan Nuriddinning mijozlari pullarini da’vo qila boshlaydi. Hammaga birvarakayiga pulni qaytarish imkonsizligi ma’lum bo‘lib qolganidan keyin o‘rtada ziddiyat yuzaga keladi va Nuriddin yashash joyidan qochib ketadi.
“Buzoqning yugurgani somonxonagacha” deganlaridek, oradan hech qancha o‘tmasdan Nuriddin Abulg‘oziyev huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olinadi.
Chinozlik Mirzamurod Yunusaliyev ham 2015-yilga qadar Ahmadboyning yugurdaklaridan biri bo‘ladi va xalq orasida, xuddi ustozi kabi — Murodboy nomini oladi.
Unga tegishli bo‘lgan avtomobil turar joylarida aholidan ikki hissa qaytarish va’dasi bilan olingan 100 dan ortiq turli rusumdagi avtomobillar borligi aniqlanadi.
Mirzamurod Yunusaliyev ikki hamtovog‘ining qismatidan voqif bo‘lganidan keyin yashash manzilidan qochib ketadi va uni qo‘lga olish chora-tadbirlari ko‘riladi.
“Moliyaviy piramida” tashkil qilganlik uchun kuchaytirilgan javobgarlik
Ahmadboy qo‘lga olinganidan uch oy o‘tib, aniqrog‘i 23-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “moliyaviy piramida” tashkil qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni imzolaydi.Jinoiy kodeksning yangi — 188-1-moddasi mulkiy manfaat berish bo‘yicha zimmaga majburiyat olish yo‘li bilan jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkini jalb etishga doir noqonuniy faoliyatni amalga oshirish va bunda ilgari olingan majburiyatni jismoniy va yuridik shaxslarning yangi jalb etilgan pul mablag‘lari va (yoki) boshqa mol-mulki hisobidan bajarish, shuningdek, bunday faoliyatga rahbarlik qilish va shunday faoliyat ko‘rsatilishini ta’minlash, bunday faoliyatga jalb etish maqsadida OAV va internet orqali reklama qilishga qaratilgan noqonuniy faoliyatga taalluqlidir.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan harakatlar eng kam ish haqining 100 dan 300 barobarigacha jarima solinishiga yo 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha muddatgacha ozodlikni cheklash, yoki 3 yildan 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini qo‘llashga sabab bo‘ladi.
Bunday harakatlar katta miqdorda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, oldindan til biriktirgan holda, OAV yoki telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek, internetdan foydalangan holda amalga oshirilsa, eng kam ish haqining 300 dan 500 barobarigacha jarima solinishiga yo 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga olib kelishi mumkin.
Juda yirik miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist, shuningdek, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilgan shunday harakatlar 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
Ahmadboyga qarshi to‘rt modda bo‘yicha ayblov
2017-yil 9-avgust kuni jinoiy ishlar bo‘yicha Toshkent viloyat sudida Ahmadboy hamda uning olti nafar sherigi gumondor sifatida ko‘rilayotgan ish bo‘yicha sud eshituvlari bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda Ahmadboy ta’sis etgan “Chinoz halol chorva” va “Chinoz Avto Hamkor” firmalari faoliyatidan zarar ko‘rgan 11 nafar jabrlanuvchining ko‘rsatmalari tinglanadi.Unga qarshi Jinoyat kodeksining to‘rt moddasi bo‘yicha ayblovlar ilgari suriladi: 177-moddaning (valyuta qimmatliklarining noqonuniy xarid qilinishi yoki sotilishi) “a”, “b” bandlari, 188-modda (davlat ro‘yxatidan o‘tmay tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, o‘ta yirik miqdorda nazoratsiz daromad olish), 189-modda (savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 190-moddaning (litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanish) “a”, “v” bandlari.
Ahmadboyning “shogirdi” Nuriddin Abulg‘oziyev sud qilinadi
2017-yil 27-noyabr kuni Ahmadboyning shogirdlaridan biri sifatida ta’riflangan Nuriddin Abulg‘oziyev sud qilinadi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot 24” dasturida ma’lumot beriladi.Xabar berishlaricha, 1979-yilda tug‘ilgan yangiyo‘llik Nuriddin Abulg‘oziyev uch sherigi bilan birga “Dilshod Avto Savdo” kompaniyasiga asos solib, hujjatlarga ko‘ra, avtomobil oldi-sotdisida vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Biroq tergov jarayonida firma bir niqob bo‘lgani, aslida Nuriddin Abulg‘oziyev moliyaviy piramidaga asos solgani ma’lum bo‘ladi.
Nuriddin Abulg‘oziyev chinozlik Ahmadboydek katta miqdorda foiz to‘lovi va’dasi bilan aholidan pul, qimmatbaho taqinchoqlar, mol-mulk va avtotransport vositalarini qabul qiladi. Olingan boyliklar eski omonatchilarning foiz to‘lovlarini qoplash uchun yo‘naltirilgan, qolgan pulni esa u o‘z ehtiyoji yo‘lida sarflab yuboradi.
105 ta avtomobil o‘z qonuniy egalariga qaytarib beriladi
2018-yilning yanvar oyida Ahmadboyning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilgan vaqtda olib qo‘yilgan turli rusumdagi 105 ta avtomobil qonuniy egalariga qaytarib berilgani ma’lum qilinadi.Milliy xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolar bu transport vositalarini ikki barobar ko‘paytirib olish sharti bilan Ahmadboyga ixtiyoriy ravishda topshiradi. Ammo ular Ahmadboydan pul olishga ulgurmaydi. Avtomobilini qaytarib olayotgan bir guruh fuqarolar “O‘zbekiston 24”ning “Axborot 24” dasturiga qisqa intervyu berarkan, ularning deyarli bari o‘z vaqtida avtomobilidan umidini uzib bo‘lgani, bugun mashinalar qaytarib berilayotganidan juda xursand ekanini ta’kidlaydi.
“Fuqarolarni aldamaganman, maqsadim — ishlash edi”
2018-yilning fevralida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida Ahmadboy va uning sheriklariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Majlisda Ahmadboyga so‘ngso‘z aytish imkoni beriladi.
“Muhtaram sudya, o‘rtoq prokuror, men fuqarolarni aldamaganman. Odamlar o‘z xohishi bilan pullarni olib kelgan. Men dehqonchilik, chorva bilan, qassobchilik bilan shug‘ullanganman. Shu vaqtgacha hech qachon fuqarolarni aldamaganman. O‘z pullarini o‘zlari olib kelgan. Men hech qachon xalqni aldamaganman. Birovning haqini yemaganman. Shu yoshimgacha biror insonni aldamaganman. Lekin qilgan ishimdan pushaymonman.
20 ming qoramol boqiladigan ferma qurayotgandim. 1 milliard tovuqqa joy qilayotgandim. 100 ming bosh qo‘yga joy tayyorlayotgandim. Maqsadim ishlash edi. 2 ming gektar joyda baliqchilik qilmoqchi edim. Maqsadim fuqarolar bilan ishlash edi. Maqsadim aldash bo‘lmagan. Shu vaqtgacha hech qachon odamlarni aldamaganman. Agar shu vaqtgacha odamlarni aldaganimda, ular meni tinch qo‘ymagan bo‘lardi.
Muhtaram sudya, qilgan ishimdan afsusdaman. Prezidentimiz Shavkat Miromonovichdan kechirim so‘rayman. Xalqdan kechirim so‘rayman. Rahbariyat xodimlaridan kechirim so‘rayman. Sud xodimlaridan kechirim so‘rayman. O‘rtoq prokuror, ming bor uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan pushaymonman. Lekin fuqarolarni aldamaganman. Maqsadim — ishlash edi. Men birovlarni aldab, mol-mulkini olmaganman”, — deydi Ahmadboy.
Ahmadboy va uning sheriklariga nisbatan hukm e’lon qilinadi
2018-yilning 21-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida Ahmadboy va uning sheriklariga nisbatan hukm e’lon qilinadi.O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 188-moddasi (noqonuniy tadbirkorlik faoliyati), 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 190-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish), 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 211-moddasi (pora berish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblangan Ahmadboy, Olmos Qo‘chqorov, Izzatilla Ibrohimov, Murodjon Tursunboyev, Oybek Tursunboyev, Azizjon Turdiyev va Rashid Ismoilovlarga nisbatan sud hukmi o‘qiladi.
Unga ko‘ra, Ahmadboyga 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 13 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida (52 096 000 so‘m) jarima jazosi tayinlanadi.
Olmos Qo‘chqorovga 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 11 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida (52 096 000 so‘m) jarima jazosi, Izzatilla Ibrohimovga 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 11 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 350 baravari miqdorida (45 584 000 so‘m) jarima jazosi, Murodjon Tursunboyevga 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 11 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 350 baravari miqdorida (45 584 000 so‘m) jarima jazosi beriladi.
Oybek Tursunboyevga 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 350 baravari miqdorida (45 584 000 so‘m) jarima jazosi, Azizjon Turdiyevga 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 350 baravari miqdorida (45 584 000 so‘m) jarima jazosi va Rashid Ismoilovga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida (52 096 000 so‘m) jarima jazosi tayinlanadi.
Ahmadboyga nisbatan amnistiya to‘g‘risidagi qaror qo‘llanilib, ozodlikdan mahrum etish jazosi o‘talmagan muddati to‘rtdan bir qismiga qisqartiriladi. Jazo umumiy tartibdagi koloniyada o‘taladi. Jazoni o‘tash muddati 2016-yil 16-iyundan boshlangan, deb e’lon qilinadi.
Ahmadboyning advokati: “Juda og‘ir jazo berildi”
Lekin Ahmadboyning advokati Malika Mazbudova “O‘zbekiston 24”ning “Axborot 24” dasturiga bergan intervyusida sud hukmi ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatiga asosan ish ko‘rishini ma’lum qiladi.“Himoyam ostidagi Ahmadjon Hamidovich Tursunboyevga nisbatan himoya nuqtai nazaridan qaralganda, juda og‘ir jazo berildi, deb hisoblayman. Shu bois, hukmning nusxasini olganimizdan so‘ng, apellyatsiya shikoyatiga, balki, murojaat qilishimiz mumkin”, — deydi u.
Advokatning qo‘shimcha qilishicha, Ahmadboy Jinoyat kodeksining 168-, 188- va 189-moddalari bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan va ularni aybdan chiqarishni so‘ragan.
“Odamlar Xudodan qo‘rqsin”
2019-yilning may oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudida Ahmadjon Tursunboyev va boshqa 16 nafar sudlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud yakuniga yetadi.Sudlanuvchi Ahmadboy O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 168-moddasi (firibgarlik), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topiladi. Unga uzil-kesil 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilanadi.
Ahmadboyga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi a, v bandlari bilan ish haqi 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yil axloq tuzatish ishlari jazosi ham tayinlanadi.
Suddan keyin Ahmadboy OAV vakillariga intervyu berib, davlat rahbaridan uzr so‘raydi.
Men sud hukmidan norozi emasman. Bir narsani iltimos qilaman: fuqarolar pulni o‘z xohishi bilan olib kelgan, ularni hech kim majburlamagan. Fuqarolar Xudodan qo‘rqsin, 10 ming pulini 20 ming, 25 ming qilib olgan. Yo‘q narsani, uyimni sotdim, joyimni sotdim, deb tuhmat qilmasin. Xudodan qo‘rqsin.Men o‘zim uchun to‘g‘ri ishlaganman, fuqarolarni aldamaganman. Fuqarolar o‘z xohishi bilan pul olib kelgan. Fuqarolar ko‘payganidan keyin qonuniy qilib firma ochishga majbur bo‘lganman. Men birovni aldab, pulini olmaganman. O‘z xohishi bilan bergan. Qaysi odam shunchaki 10 ming dollarini 20 ming dollar qilib oladi, bankka borsa, bank buni hech qachon qilib bermaydi. Bank bir yilda 10 ming dollarni 12 ming qilib beradi. Hech kim ularni majburlamagan, o‘z xohishi bilan olib kelgan. Maqsadi pulini pul qilib olish bo‘lgan.
Men muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovichdan uzr so‘rayman, ham yordam so‘rayman. Prezidentimiz afv etsalar, chorva, parrandachilik qilaman. Xalqqa foydam tegsin, oldin ham foydam teggan. Kambag‘alni boy qilganman, — deydi u.
Uchinchi ochiq sud ishi
2019-yil iyulda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchi Ahmadboy va yana 16 kishiga nisbatan jinoyat ishining tergov tomonidan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha uchinchi ochiq sud bo‘lib o‘tadi.Sudlanuvchilar Ahmadboy va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanadi. Unga qadar sud tergovi davomida 170 ga yaqin jabrlanuvchining qariyb 90 nafari so‘roq qilinadi.
Sudda Ahmadboy faoliyatiga aloqador ayrim jihatlarni ma’lum qiladi.
Fuqarolardan olgan pullarni ferma va chorvani rivojlantirish uchun ishlatganman. Dehqonchilik qilganman, yiliga 50, 60, ba’zida 100 gektar yerda kartoshka ekardim. Mol boqardim. Tirikchilikni mana shunday ushlaganman. Fuqarolarning pulini ‘oborot’ qilganman, shuning hisobidan vaqtida pullarni qaytarib, joy-joyiga qo‘yib berganman. Shu sababdan odamlar ko‘payib ketgan. Men odamlarni aldab, qiziqtirmaganman. Ularning o‘zi bir-birini olib kelardi. Qanday qilib men firibgar bo‘laman? Firibgarlik qilib birovning pulini olib chiqib ketdimmi yoki chet davlatga chiqib ketdimmi? Topgan daromadimni faqat fuqarolarga to‘laganman. Oyiga topgan 100—500 ming dollarni faqat fuqarolarga to‘laganman, — deydi Ahmadboy.Shuningdek, u odamlar valyutani qanday olib kelgani haqida gapiradi.
Bittasi keladi va 10 ming dollar beradi, 10 oydan keyin u 20 ming dollar olyapti. 20 ming pulini keyin 40 ming, so‘ng 80 ming qilib olyapti. Tagini olib qaraganda, bir fuqaro 200—300 ming dollar foyda qilyapti-da, 20—30 ming dollarga ariza yozyapti.Shu bilan birga, Ahmadboy pullar talon-toroj qilingani haqida ham aytadi.Men 12 ming fuqaroga pul yetkazib bera olmayman. Menda pul ham yo‘q. Ertaga, bu fuqarolardan 4—5 mingga yaqin odam bizga foydaga kirib ketgan, o‘sha pullar qaytarilsa, fuqarolarga pul yetadi. Agar men jinoyatchi bo‘lsam, fuqarolar kim unda? Ular menga pul berib, valyuta olib kelganmi? Valyutani asos qilib keltirib bera olmaydi-ku.
Bizga daftarni bersin, hammasini asos qilib qo‘yib beramiz. Shuning uchun men xodimlardan ham, prokuratura vakillaridan, tergovchilardan, sudyalardan ham yordam so‘rayapman. Mening ilojim yo‘q, bu vaziyatdan chiqa olmayman. Bu hazilakam pul emas, mening qurbim ham yetmaydi. Bu 500 ming dollar, 1 million dollar emas, bu 40 million dollardan ziyod pul. Qani u pullar?, — deya ta’kidlab o‘tadi u.
Nega meni o‘sha yopgan paytda tergovchilar: ‘Mana sening pullaring, mana sening tillang, mana sening moling’, deb asos qilib qo‘yib bermadi? Sababi — meni olib borib qamagan. Men qayerdan u pulni yetkazib beraman? Pulning hammasi talon-toroj bo‘lib ketgan-ku. Menda kirim bo‘lgan, foyda qilganman, yaxshi daromad bo‘lgan, shuning hisobidan odam ko‘paygan. Agar ozgina daromad bo‘lmasa, uni torta ham olmaysiz, — deydi Ahmadboy.
Uchinchi sud ishi hukmi
2019-yil 28-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudi binosida Ahmadboy va boshqalarga (sudlanuvchilarning umumiy soni — 16) nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha uchinchi ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetadi va sud hukmi e’lon qilinadi. Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining sudyasi X. Shermuhamedov raisligida ko‘rib chiqiladi.Shu bilan birga, Ahmadboyga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan muddati, Oliy Majlis Senatining 2016-yil 12-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi Qarorining 6-bandi “b” kichik bandiga asosan to‘rtdan bir qismiga qisqartiriladi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash va jarimani davlat daromadi hisobiga undirish belgilanadi.
Ushbu sud jarayonida 230 dan ziyod jabrlanuvchi ko‘rsatmalari tinglanadi va ularga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilanadi.
Qancha odam jabr ko‘rgan?
2019-yil 17-dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Majburiy ijro byurosi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ahmadboydan jabr ko‘rganlar soni va u tomonidan fuqarolarga yetkazilgan zarar miqdori ma’lum bo‘ladi.“Hozirda ushbu ijro hujjatiga ko‘ra, Ahmadjon Tursunboyevdan jabrlangan 11 ming 710 nafar fuqaroga tergov organlari tomonidan xatlangan mablag‘lar, 29 turdagi ko‘chmas mulk, 8 turdagi avtotransport vositasi va zargarlik buyumlarini yetkazilgan qarzdorlik evaziga qaytarish choralari ko‘rilyapti.
2016-yilda xatlangan mazkur mulklarni bugungi kundagi bozor narxi bo‘yicha qayta baholatish maqsadida baholovchi tashkilotlarga murojaat qilingan. Ayrim mol-mulklar esa allaqachon baholangan va auksion savdolariga chiqarilgan. Qolgan buyumlarning ham baholash xulosasi olingach, tegishli tartibda auksionga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Ahmadjon Tursunboyevga chuv tushgan fuqarolarning mablag‘lari qonun tartibida qaytariladi. 12 ming nafarga yaqin odamning ro‘yxatini shakllantirganmiz. Ayni paytda bu bo‘yicha alohida dastur yaratyapmiz. Bu dasturda inson faktori aralashmaydi. Dastur bo‘yicha Ahmadjon Tursunboyevga berilgan mablag‘larga qarab, mutanosib ravishda har biri fuqaroga taqsimlanadi. So‘ngra tegishli tartibda fuqarolarning plastik kartalariga pullar o‘tkazib beriladi. Hozir bizga murojaat qilayotganlarning aksariyatida plastik karta yo‘qligi bois banklar bilan kelishgan holda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida plastik kartalarni bepul ochib berish choralarini ko‘ryapmiz. 920 nafar fuqaro uchun bankka plastik karta buyurtma qilganmiz.
Bundan tashqari har bir fuqaro bilan individual suhbatlar o‘tkazilyapti. Plastik kartalari mavjudlarning hisob raqamlarini yozib olib, arizalarini qabul qilmoqdamiz. Tez kunlarda pul mablag‘larining kelib tushishi yakuniga yetsa, uch kun muddatda mablag‘larni taqsimlaymiz. Murojaatlar hozir davom etyapti, arizalar qabuli ham to‘xtagani yo‘q.
Ahmadjon Tursunboyevga fuqarolar tomonidan berilgan pullar va mol-mulklarning umumiy qiymati 386 milliard so‘mni tashkil etmoqda”, — deydi MIBning Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekzod Mengliyev.
To‘rtinchi ochiq sud ishi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudi binosida Ahmadboy va yana 16 kishiga nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha 2020-yil yanvar oyi oxirida to‘rtinchi ochiq sud bo‘lib o‘tadi.Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi X. Shermuhammedov raisligida ko‘rib chiqiladi. Sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanadi.
Ahmadboy ushbu sud ishida aldangan odamlarning pullarini qay tarzda qaytarishi haqidagi savolga shunday javob beradi:
Hamma narsa hisob-kitobli. Fuqarolar, Xudo xohlasa, pullarini oladi. Nasib qilsa, salkam 12 ming jabrlangan fuqarolarning hammasiga pullari qaytariladi. Ular pullarini proporsional tartibda oladi. 10 million so‘m pul bergan odamga 2 million so‘m qaytariladi. Proporsional, ya’ni 20 yoki 30 foizdan. 30 foiz bo‘lsa, 3 million so‘m oladi. 20 foiz bo‘lsa, 2 million so‘m. 100 million so‘m bergan odam 30 million, 20 foizdan hisoblansa, 20 million so‘m oladi. Fuqarolarning pullari shu tariqa proporsional tarzda taqsimlab beriladi.Ko‘pchilik o‘zi qancha pul berganini biladi, lekin sud yoki tergov jarayoniga kelgan vaqtida tergovchiga rostini aytmaydi. “Qancha pul bergansiz?” deb so‘ralsa, 3 ming dollar bo‘lsa “4 ming yoki 5 ming dollar berganman” deydi. Aksariyat odamlar yolg‘on guvohlik bermoqda. Tergovchi yoki sudya ularning aytganiga ishonmoqda. Ayrim fuqarolar rostini gapirishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Jarayonga kelganda og‘ziga kelgan pulni aytib, aniq eslolmasligi haqidagi vajni keltirmoqda”, — deydi Ahmadboy.
To‘rtinchi sud ishi hukmi
2020-yil 12-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchilar Ahmadjon Tursunboyev va boshqalarga nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha to‘rtinchi ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetadi va sud hukmi e’lon qilinadi.Ahmadboyga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a, v” bandlari (eski tahrirdagi) bilan aybli deb topiladi va unga ushbu modda bilan 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Ahmadboyga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazoga qisman jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2019-yil 28-oktabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazosini qo‘shib, uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 14 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Unga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan muddati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016-yil 12-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarorining 6-bandi “b” kichik bandiga asosan to‘rtdan bir qismiga qisqartiriladi.
Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash tayinlanadi. Jazoni o‘tash muddati 2016-yil 16-iyundan boshlab hisoblanadi. Ahmadboyga qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldiriladi.
“Maqsadim yomonlik bo‘lmagan, faqat ishlash edi”
Oxirgi sud jarayonida ajratilgan qisqa tanaffus vaqtida Ahmadboy OAV vakillarining qator savollariga javob beradi.Faoliyatimni 2006-yilda boshlaganman. Avvaliga faqat chorvachilik qilganman. Men qassobman. O‘zim mol olardim va fuqarolarga mol berardim. Shuning ustidan foydalanardim. To‘g‘ri, men o‘z ishimdan pushaymonman, afsusdaman.Xudoning o‘zi kechirsin. Mollarni foiz evaziga berganman. Masalan, bir fuqarodan 5 million so‘mlik molni 7 millionga olib, uni boshqasiga 8-9 million so‘mga o‘tkazganman. O‘zim ham pul aylantirib, pul chiqarganman. Lekin foizga o‘ynaganman. Shu o‘yinga kirganman. Kirganingizdan keyin chiqolmaysiz, bu qiyin narsa.
Odamlar o‘tirib olib mana bunday qilsa bo‘ladi, unday qilsa bo‘ladi, deb gapiraveradi. Fuqarolar ko‘payganidan keyin ularning pulini ferma va boshqa narsalarga qo‘yib, mablag‘larni aylantirganman va pullarini yana o‘zlariga taqsimlab bermoqchi bo‘lganman. Vaziyat esa mana bunday bo‘ldi, — deydi u.
Ahmadboy o‘z intervyusida o‘n yillik faoliyati mobaynida unga birov to‘sqinlik qilmagani, fuqarolardan shikoyat tushmaganini ta’kidlaydi.
Agar siz birovdan pul olib, vaqtida qaytarmasangiz, u ariza yozadi va yopadi. Men fuqarolar pulini to‘lab, joy-joyiga qo‘yib beryapman. Pul topib, ularga qanday qaytarish mening ishim. Maqsadim yomonlik bo‘lmagan, faqat ishlash edi. Fuqarolarni aldash niyatim bo‘lmagan. Mahallamdagilarga ziyonim tegmagan. Qo‘limdan kelganicha yo‘llar, qabristonlar obodligiga yordamlashdim.Menga yengil jazo berilsa, imkonim boricha, chorvachilikni qayta yo‘lga qo‘yardim. Fuqarolar pul olib kelsa, qaytib olmayman. O‘ylab ko‘ring, agar bu ishni qilsangiz, yana ertaga odam ko‘payadi, pul aylanadi va yana qamalasiz. Eng haloli, tinchgina chorvamni, dehqonchiligimni qilaman. Ishimdan qattiq pushaymonman. Avvalo Xudodan kechirim so‘rayman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan ham ming bor uzr so‘rayman, — deydi Ahmadboy.
“Bu ishga vaqtida nuqta qo‘yishim kerak edi”
U jurnalist va blogerlarga intervyu berarkan, “Moliyaviy piramida butun dunyoda mavjud. Siz g‘oyani kimdan olgansiz?”, degan savolga shunday javob qaytaradi:Menga hech kim o‘rgatmagan. Birovlar buni piramida, deyapti. Endi bitta narsani o‘ylang, siz agar biror bir tashkilot ochib, ishni vaqtida va joy-joyida olib borsangiz, fuqarolar sizga ishonadi. Agar boshidan birovni aldasangiz, sizga hech kim ishonmaydi. Odamlarda menga nisbatan ana shu ishonch bo‘lgan — vaqtida pullarini to‘laganman. Shu bois ular mablag‘lari, mashinalarini olib kelishni boshlagan.
Sudlanuvchi qisqa intervyu davomida o‘zining eng katta xatosiga ham to‘xtalib o‘tadi.
Men, avvalo, Xudoga ishonganman va tavakkal qilib ish boshlaganman. Ortimda qo‘llab-quvvatlaydigan tanishim bo‘lmagan. O‘shanda fuqarolar kelib, ‘Ahmad aka, bu ishingizga kim kafil?’, deb ko‘p so‘rardi. Men Allohga tavakkal qilib ishlagan bolaman.Eng katta xatoyim — fuqarolar haddan tashqari ko‘payib ketganida. Bu ishga vaqtida nuqta qo‘yishim kerak edi. To‘xtatish uchun 2009—2010-yillarda yopishim lozim edi. Qo‘l ostimdagilarning hammasi halol ishlagan va meni sotmagan. Chunki o‘zimning jiyanlarim, yaqinlarim birga ishlagan va maoshlarini vaqtida olgan.
Odamlarning haddan tashqari ko‘payib ketishi natijasida jinoyat ishi ochilgan. Dedi-dedi gaplar ham juda bolalab ketdi. Ko‘plar ko‘chada mening nomimni sotib, ish qilib yuborgan. Filial ochgan bolalar bor. Ularga mening umuman aloqam yo‘q, — deydi Ahmadboy.
Ahmadboyning yordamchisi Murodboyga — 9 yil
2015-yilga qadar Ahmadboyning yordamchilaridan bo‘lgan va xalq orasida Murodboy nomi bilan tanilgan Mirzamurod Yunusaliyev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan 2020-yilning avgustida sud hukmi o‘qiladi.Mirzamurod Yunusaliyev 27-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining “a”, “v” bandlari (firibgarlik), 184-moddasining 3-qismi (juda ko‘p miqdordagi soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 228-moddasining 3-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish — hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish) va 243-moddalarida (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topiladi.
Sud jinoiy guruh rahbari bo‘lgan Mirzamurod Yunusaliyevga – 9 yil, uning sheriklari G‘ofurjon Murodjonovga – 8 yil, Amiran Qudratovga – 8 yil, Erkin Sharipovga – 8 yil, Sirojiddin Yo‘lchiyevga – 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlaydi.
Guruhning qolgan 8 nafar a’zosi Jinoyat kodeksining 72-moddasiga (shartli hukm qilish) asosan ularning guruhdagi ishtirokchilik darajasi inobatga olinib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan shartli ravishda ozod qilinib, 3 yil sinov muddati belgilanadi.
Mish-mishlarni rad etgan va tan olgan san’atkorlar
2016-yili “Ahmad vasvasasi” nomli ko‘rsatuv bir qancha telekanallarda efirga uzatilgach, Ahmadboyga ayrim san’atkorlar ham aloqador ekani haqida mish-mishlar tarqaladi. Shundan so‘ng san’at vakillari birin-ketin gap-so‘zlarga munosabat bildiradi.Xususan, xonanda Munisa Rizayeva o‘zining Instagram sahifasi orqali Ahmadboyga pul bergani haqidagi mish-mishlarni rad etadi.
“Bugun menga go‘yoki qandaydir Ahmadboy degan odamga pul berganim haqida ma’lumotlar yetib keldi! Men bunday odam borligi haqida endi eshitib turibman. Hech kimga hech qanaqa pul bermaganman, ayniqsa, foizga, menga ikki baravar qilib berishlari uchun. Bu juda katta gunoh ekanini bilaman. Ollohga shukr, hamma narsam yetarli. Shu sababli bunday ko‘zbo‘yamachi insonlarga quloq tutmasligingizni so‘rab qolaman!”, — deydi san’atkor.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva ham ikki barobar ko‘paytirib berish sharti bilan 50 ming AQSH dollari bergani haqidagi xabarlarni tan olmaydi.
“Men Ahmadboy haqida umuman eshitmaganman, hatto televideniye orqali namoyish etilgan ko‘rsatuvni ko‘rganim ham yo‘q. Qo‘l telefonim tinmayapti, tanish-bilishlar ko‘ngil so‘rab qo‘ng‘iroq qilishyapti. Odamlarga hayronman, ko‘rmagan, bilmagan narsasi haqida bunday gaplarni qanday o‘ylab topisharkan?!
Farzandlarimni halol mehnatim bilan boqqanman. Sudxo‘rlik eng og‘ir gunoh va jinoyat. Qo‘limda shuncha pulim bo‘lganida, yetti yot begonaning qo‘liga olib borib bergan bo‘larmidim?! Ahmadboy kim ekan, deb surishtirsam, ko‘pchilikning aldanib, pulini oldirib qo‘yganini eshitdim. Bu yerda eng asosiy aybdor — odamlarning o‘zi. Peshona terisi bilan topgan pulini sudxo‘rning qo‘liga tutqazgan odamlarni hech qachon oqlamayman”, — deydi aktrisa.
Xonanda Adham Soliyev ikki barobar ko‘paytirish sharti bilan katta miqdorda pul bergani haqidagi mish-mishlarni inkor qiladi.
“Qaysidir san’atkor Ahmadboyga pul bergan bo‘lishi mumkin, lekin men pul tugul, sigir ham bermaganman. Iltimos, Telegram orqali tarqatilayotgan bunday gap-so‘zlarga meni qo‘shmanglar. Undan ko‘ra yurtimizning tinchligini Xudodan so‘ranglar, o‘zingiz uchun, ota-onangiz uchun sog‘lik-salomatlik so‘ranglar. Maza qilib: “Bo‘ri edim, bo‘ri, yigitlarning zo‘ri”, deb, yigitlarning zo‘ri bo‘lib yuringlar”, — deydi qo‘shiqchi.
Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Dilfuza Ismoilova to‘y marosimi vaqtida Ahmadboyni duo qilayotgani tasvirlangan videolar paydo bo‘ladi. Qo‘shiqchi “Baxtimizga boy otamiz sog‘ bo‘lsinlar, umrlari uzoq bo‘lsin! Alloh sizni o‘z panohida asrasin. Boy otamizni yomon ko‘zlardan, yomon odamlardan Xudo asrasin!”, — deb niyat bildiradi.
Xonanda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan videoga izoh berarkan, “Ahmadboy qarindoshlarimizdan biri bo‘lgan. Siz aytayotgan videoda esa nomaqbul holat yo‘q. Men u kishining xonadonida to‘yda qatnashganman. Bu video shu to‘yda olingan”, — deydi Dilfuza Ismoilova.
Oradan bir yil o‘tib, xonanda bir intervyusida “Ahmadboyga pul berganmisiz?”, qabilidagi savolga javob qaytaradi. U Ahmadboyning unga “hech yomonligi tegmagan”ini qayd etadi. “U bizni har doim to‘yga aytardi. Shuning uchun uni maqtab, duo qilib qo‘yganmiz. Ahmadboyga pul bermaganman. Mashina bergandim. Mashinaga kuydim. U ham bir inson. Beayb Parvardigor. Do‘stga ham, dushmanga ham aytadiganim — omadini bersin”, — deydi Dilfuza Ismoilova.
Aktyor Mirolim Qilichev Ahmadboy sabab uch xonali uyidan ajrab, ko‘chada qolganini tan oladi.
“O‘zi boshida Ahmadboy shov-shuv bo‘lib yurganida men ishonmay yurdim. Lekin kunlardan bir kuni teatrimizda do‘stimiz meni shu ishga ko‘ndirdi. O‘sha paytlarda Matiz rusumli avtomobilim bor edi. Mashinamni to‘g‘ridan to‘g‘ri Ahmadboyga emas, uning Rixsitilla degan shogirdiga berdim. Qarasak, puli vaqtida berilyapti. Keyin yana bitta mashina bilan yig‘ib yurgan pulimizni berdik. O‘sha vaqtda Captiva-2 rusumli avtomobil endi chiqqan paytlari 30.000 AQSH dollariga sotib olgan edim. Ana shu Captiva-2 ni ham berdik.
Shunaqa biznes qilayotganimizda bir-ikki do‘stlarimning orasiga ham kirdim. Bir-ikki ustozlarga ham “pulingizni beraveringlar o‘rtada mana men turibman”, deb yuboribman. Keyin esa Ahmadboylar qo‘lga olindi. Men esa atrofimdagilarga “men o‘rtada turibman” degan lafzim borligi uchun uch xonali uyimni sotib, bir kundayoq pulini ana shu lafz qilgan odamlarimga tarqatib chiqqanman”, — deydi aktyor.
2020-yil 12-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudi binosida o‘tkazilgan suddan keyin OAVga intervyu bergan Ahmadboy unga qaysi san’atkorlar pul berib, foydalangani haqidagi savolga javob qaytaradi.
Falonchi artist sizga pul bergan ekan, degan gaplarni o‘zim ham eshitdim. Birinchidan, men san’atkorlar bilan oldi-berdi qilmaganman. O‘sha paytda o‘g‘il to‘y o‘tkazganimda to‘yona hisobidan kelgan u artistlar. Lekin men san’atkorlardan pul olmaganman. Sherali Jo‘rayevdan pul olibdi, Ozoddan pul olibdi, degan gaplarning barchasi dedi-dedi xolos.Endi kimdir birov orqali pul kirgizdirmagan bo‘lsa, biror artistning o‘zi kelib, menga mana, 50 ming dollar, mana 100 ming dollar deb pul bermagan. Men san’atkorlar bilan umuman oldi-berdi qilmaganman. O‘zingiz o‘ylang, menda 12 ming nafar jabrlanuvchi bor. Ularning daftardagi ism-familiyasini bilamiz. Menga farqi yo‘q, artist kelib pul beradimi, boshqasi keladimi. Men uchun hammasi oddiy bir fuqaro, — deydi u.
Mirolim Isajonov tayyorladi.
Izoh (0)