Markaziy bank yanvar oyi yakuni bo‘yicha respublikadagi tijorat banklarining muammoli kreditlari miqdorini ochiqladi. Qayd etilishicha, bir oyda qaytarilmayotgan qarzlar deyarli 2,6 tlrn so‘mga ko‘paygan.

2025-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi tijorat banklarining muammoli kreditlari (NPL) 23 trln 768 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bir oy avval, 1-yanvar kuni bu raqam 21 trln 185 mlrd so‘m edi.
Muammoli kreditlarning katta qismi, yaʼni 16 trln 820 mlrd so‘mi davlat ulushi mavjud banklarga tegishli. Qolgan 6 trln 949 mlrd so‘mi xususiy banklar ko‘rayotgan zarar hisoblanadi.
Davlat banklari orasida eng ko‘p qaytarilmayotgan kredit qarzdorligi O‘zmilliybankda — 3 trln 778 mlrd so‘m. Qolganlarining muammoli kreditlari miqdori quyidagicha:
- O‘zsanoatqurilishbank — 2 trln 996 mlrd so‘m;
- Agrobank — 2 trln 890 mlrd so‘m;
- Asaka bank — 1 trln 857 mlrd so‘m;
- Xalq banki — 1 trln 252 mlrd so‘m;
- Biznesni rivojlantirish banki — 2 trln 85 mlrd so‘m;
- Mikrokreditbank — 1 trln 216 mlrd so‘m;
- Aloqa bank — 343 mlrd so‘m;
- Turon bank — 402 mlrd so‘m.
Xususiy banklar qatorida Ipoteka bank muammoli kreditlari eng yuqori darajani qayd etgan — 3 trln 511 mlrd so‘m. Boshqa xususiy banklardagi ko‘rsatkichlar quyidagicha:
- Kapital bank — 1 trln 464 mlrd so‘m;
- Hamkor bank — 326 mlrd so‘m;
- Ipak yo‘li bank — 219 mlrd so‘m;
- Trast bank — 201 mlrd so‘m.
Maʼlumot uchun, muammoli kredit (NPL) termini to‘lov muddati 90 kundan o‘tgan va qaytarilmayotgan kredit qarzdorligiga nisbatan ishlatiladi.
So‘ngi to‘rt yilda mamlakatda mazkur turdagi qarzdorlik ulushi sezilarli o‘sib bordi. Masalan, 2020-yil yakunida mamlakatda muammoli kreditlar jami 5,8 trln so‘m bo‘lgan. 2021-yil oxiriga kelib, bu miqdor deyarli uch barobarga — 17 trln so‘mgacha oshgan. Keyingi o‘sish to‘lqini 2024-yilga to‘g‘ri kelgan. O‘tgan yilning 1-yanvarida muddati o‘tgan kreditlar 16,6 trln so‘m edi. Bir oy ichida mazkur ko‘rsatkich 20 tlrn so‘mgacha chiqqan, may oyi avvalida esa 23,3 trln so‘mgacha o‘sgan.
Izoh (0)