AQSHning Orlando xalqaro aeroportidan havoga ko‘tarilishga hozirlik ko‘rgan samolyotda yong‘in chiqdi. Uchoqda 290 dan ortiq kishi bo‘lgan. Bu haqda Fox35 xabar berdi.

Hodisa 21-aprel kuni Delta Air Lines kompaniyasiga tegishli Atlantaga uchayotgan Airbus A330 samolyoti bilan sodir bo‘lgan. Parvoz arafasida dvigatellardan biri yonib ketgan. Hodisa vaqtida bortda 282 nafar yo‘lovchi, 12 nafar ekipaj a’zosi va ikki nafar uchuvchi bo‘lgan.
Odamlar evakuatsiya qilingan, biroq uch kishi yengil jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. AQSH Federal aviatsiya ma’muriyati hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda. Dvigatelda yong‘in chiqishi sababi va yo‘lovchilar qancha vaqt bortda ushlab turilgani noma’lum.
Delta kompaniyasining Airbus A330 samolyoti yuqori sig‘imli parvozlar uchun mo‘ljallangan. Odatda bir nechta favqulodda chiqish yo‘llari va evakuatsiya oynalari bilan jihozlangan. Yo‘lovchilar yong‘in vaqti favqulodda chiqish eshigidan faqat biri ishlaganini aytmoqda.
AQSHdagi so‘nggi aviahodisalar
19-aprel kuni Illinoys shtatida samolyot qulab tushishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Samolyot, bir dvigatelli Cessna 180 hisoblanadi, barcha yo‘lovchilar Viskonsin shtati Menomoni shahridan bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot qulash paytida elektr uzatish liniyalariga tegib ketgan.
16-aprel kuni AQSHda samolyot dvigateli quyon sababli yonib ketgan edi. Parvoz vaqtida bortda kuchli portlash va sezilarli darajada tebranish kuzatilgan. Shundan so‘ng dvigatelda yong‘in boshlangan. Samolyot bortida 153 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Uchuvchilar 75 daqiqalik parvozdan so‘ng samolyotni favqulodda qo‘ndirishga majbur bo‘lgan edi.
10-aprel kuni Nyu York shtatida vertolyot Gudzon daryosiga qulab tushishi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi. Vertolyot bortida uchuvchi va ispaniyalik sayyohlar oilasi bo‘lgan: ikki nafar katta yoshli va uch nafar bola. Halokat sabablari noma’lum.
Izoh (0)