O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan Rim-katolik cherkovi kamerlengosi kardinal Kevin Farrellga hamdardlik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari o‘z maktubida ruhoniy hazratlari O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, dinlar va konfessiyalararo do‘stlikni mustahkamlash, butun jahonda muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish ishiga munosib hissa qo‘shganini taʼkidladi.
O‘zbekiston yetakchisi Vatikan xalqiga, yer yuzidagi butun katolik ahliga chuqur taʼziya va hamdardlik tuyg‘ularini izhor etdi.
Rim papasi Fransisk 21-aprel kuni 88 yoshida vafot etdi. Papa 2013-yil Rim-katolik cherkovi rahbariyatini o‘z qo‘liga olganidan beri jami to‘rt marta kasalxonaga yotqizilgan. U 2021-yilda qorin bo‘shlig‘ida jiddiy jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Bundan tashqari, 2023-yilda chandiq to‘qimasini va qorin churrasini davolash maqsadida yana bir operatsiyani boshdan kechirgan.
Yoshligida papa kasallikdan so‘ng o‘pkasining bir qismini oldirib tashlagan, shuning uchun tez-tez nafas yo‘llari kasalliklari xurujidan aziyat chekardi. Fransiskning tizzasida ham muammolar bor, shu sababli u so‘nggi yillarda nogironlik aravachasi va hassadan foydalangandi.
Izoh (0)