Samarqandda 24-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev va turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuv avvalida Turkmaniston yetakchisi davlat rahbariga Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.


Ko‘p qirrali hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlanib borayotgani qayd etildi. Barcha darajalarda samarali muloqot olib borilmoqda.
O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. Poytaxtlarda savdo uylari tashkil etilib, yuk tashish hajmi oshmoqda. Yaqin yillarda tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida o‘zaro manfaatli kooperatsiya rivojlanmoqda. Birgalikda Shovot—Toshovuz chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda.
2025-yilda Xiva shahrida uchinchi Hududlar forumini hamda O‘zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy sheriklikka doir masalalar, shu jumladan “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi bo‘lajak sammitlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashdi.


Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasi tomonidan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasida 2025-yil dekabr oyida Ashxobod shahrida o‘tkaziladigan forum va boshqa xalqaro tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti turkman xalqining milliy yetakchisiga uning qalamiga mansub “Tafakkur gavhari” kitobining o‘zbek tilidagi nashrining nusxasini topshirdi.
Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov uchrashuvidan lavhalar




-GPLbC43e.avif)
Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekistonga tashrif bilan 23-aprel kuni kelgandi. Tantanali ravishda ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston prezidenti kutib oldi.
Shu kuni ular Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat ko‘rsatdi. Qabrga gullar qo‘yildi. Qur’on tilovat qilindi. So‘ng ular “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i hududida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi. Oliy martabali mehmon O‘zbekistonning boy madaniy merosini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, hunarmandchilik va amaliy sanʼat namunalari bilan tanishdi. Raqs jamoalarining chiqishlaridan iborat madaniy dastur namoyish etildi.
Izoh (0)