So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi oqibatida dunyoning turli hududlarida oziq-ovqat narxlari keskin ko‘tarilmoqda. Bu haqda Barselona superkompyuter markazi tahlillariga tayanib, Financial Times nashri xabar berdi.

Masalan, Ispaniyada 2022–2023-yillardagi qurg‘oqchilik Yevropada zaytun moyi narxining 50 foizga oshishiga sabab bo‘lgan. Hindistonda 2024-yilning may oyida issiq havo to‘lqinlari fonida piyoz narxi 89 foizga, Janubiy Koreyada karam 70 foizga, Yaponiyada guruch 48 foizga, Xitoyda esa sabzavotlar narxi 30 foizga ko‘tarilgan. Ekspertlar ekstremal ob-havo hodisalari avvalgiga qaraganda tez-tez va kuchliroq ro‘y berayotganini ta’kidlamoqda.
Issiqxona gazlari kamaymaguncha bu vaziyat davom etadi, deydi yetakchi tadqiqotchi Maksimilian Kots.
Iqlimning har qanday o‘zgarishi dunyo bozoriga bevosita ta’sir qiladi. Masalan, Gana va Kot-d’Ivuardagi qurg‘oqchilik sababli kakao dukkaklari uch baravar qimmatlashdi. Bu esa Buyuk Britaniyada shokolad narxiga ta’sir ko‘rsatdi. Tadqiqotchilar fikricha, oziq-ovqat narxining bunday oshishi global inflyatsiyaning asosiy omillaridan biriga aylangan.
Bunday holatlar ilgari ham kuzatilgan: 2010-yilda Rossiyadagi anomal issiq havo yong‘inlarga sabab bo‘lgan. Bu bug‘doy narxining keskin oshishiga olib kelgan. Oqibatda Rossiya eksportni to‘xtatgan, bu esa Mozambik kabi davlatlarda non bo‘yicha norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan.
Chunki oziq-ovqat narxi — bu siyosiy masala. Har doim shunday bo‘lgan, deydi tadqiqotda ishtirok etmagan Texas universiteti tahlilchisi Raj Patel.
Mutaxassislar Buyuk Britaniya kabi oziq-ovqat importiga qaram bog‘langan mamlakatlar eng ko‘p zarar ko‘rishini prognoz qilmoqda.
Izoh (0)