O‘zbekiston prezidenti Rossiyadagi samolyot halokati munosabati bilan Vladimir Putinga taʼziya yo‘lladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bugun, 24-iyul kuni Rossiyaning Amur viloyatida bortida 43 kishi bilan uchayotgan yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi. Fojiadan hech kim omon qolmagan. Shu munosabat bilan prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinga taʼziya yo‘llab, marhumlar oilalariga chuqur hamdardlik izhor etdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, An-24 yo‘lovchi samolyoti “Angara” aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan. U Xabarovsk—Blagoveshchensk—Tinda yo‘nalishi bo‘yicha uchgan. Manzilga yaqinlashib, qo‘nishga tayyorgarlik ko‘rgan, biroq birinchi urinishda qo‘na olmagan. Keyin kkinchi aylanishga ketgan, shundan so‘ng samolyot bilan aloqa uzilgan.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi qidiruv ishlari uchun Mi-8 vertolyoti va quruqlikdagi xizmatlar yuborgan. Qidiruv natijasida samolyot qoldiqlari Tinda shahri yaqinidan topilgan.
Samolyot bundan 50-yil avval ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, uning parvozga yaroqlilik sertifikati 2036-yilgacha uzaytirilgani maʼlum bo‘ldi. Holakat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)