So‘nggi vaqtda eng muhokamada bo‘lib turgan mavzu — Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori bo‘yida qurilishi aytilayotgan Sea Breeze loyihasi yuzasidan hukumat qarori qabul qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, faollar tomonidan bildirilgan e’tirozlar inobatga olindi, kompaniya oldiga qator shart va majburiyatlar qo‘yildi. Jumladan, Toshkent shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi Chorvoq suv omboriga qurilayotgan loyihalardan suv tushishi xavotir uyg‘otayotgan edi.
Qo‘yilgan talablardan biri — Chorvoq va Chirchiq daryosiga suv tushirilmaydi. Investor ushbu loyiha uchun suvni qayta ishlaydigan va yana o‘ziga ishlatadigan zamonaviy tizim yaratadi, bu borada xarajatlar to‘liq investor hisobidan amalga oshiriladi.
Hukumat qarorida agar qoidalar buzilsa va Chorvoqqa bir tomchi suv tushirilsa ham, loyiha qurilishi to‘xtatilishi hamda investitsiya shartnomasi bekor qilinib, yer olib qo‘yilishi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.
Bosh prokuratura kurort hududida barcha shaharsozlik va ekologik me’yorlarga rioya etilishini alohida nazoratga oladi. Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura dastlabki loyiha yechimlaridan tortib, obyektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning shaffofligi va qonuniyligini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Maʼlumot uchun, joriy yil 14-aprelda prezident Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazi master-rejasi taqdim qilingan. Umumiy qiymati 10 mlrd dollarlik loyiha Chorvoq suv ombori bo‘yida, ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov tomonidan amalga oshirilishi maʼlum. Majmua ko‘prik, xiyobon, plyaj, mehmonxonalar, kottejlar, uylar, restoran va tomoshagohlarni qamrab olishi anons qilingan. Davlat rahbari majmuani zarur infratuzilma bilan taʼminlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Loyiha Chorvoqning 577 gektar yer maydonini egallashi ko‘zda tutilgan. Dastlabki bosqichda 100 gektar hudud qamrab olinadi.
Chorvoq suv ombori Toshkent shahri va atrofdagi hududlar uchun asosiy chuchuk suv manbai hisoblanadi. Shu sabab uning sohilida quriladigan majmua loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda faollar noroziligiga sabab bo‘ldi. Xususan, qurilish ishlari sababli ichimlik suvi ifloslanib, uning sathi keskin tushib ketishidan xavotir bildirildi. Qolaversa, hududdagi daraxtlar kesilib, yashillikka putur yetishi, odamlar suv sohiliga kirishiga cheklovlar kiritilishi mumkinligi ham etirozlar uyg‘otgan.
Izoh (0)