Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan qo‘riqxonada yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Hokimlik axborotida 2025-yil 23-iyul kuni soat 15:52 larda Surxon davlat qo‘riqxonasi Xo‘janqo bo‘limiga qarashli taxminan uch gektar maydonda yong‘in sodir bo‘lgani qayd etilgan. FVV esa besh gektar maydonda olov yonayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushganini maʼlum qilgan.
Qayd etilishicha, yong‘in-qutqaruv ekipajlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Olovni o‘chirishga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 35 nafar, Sherobod, Qiziriq, Bandixon, Angor, Muzrabot va Termiz tumanlari favqulodda vaziyatlar bo‘limlaridan 105 nafar xodim jalb etilgan.
Bundan tashqari, O‘rmon xo‘jaligi bo‘limining 10 nafar ishchisi hamda Mudofaa va chegara qo‘shinlarining 100 nafar harbiy xizmatchisi ham yong‘inni o‘chirish ishlariga safarbar etilgan.
“Yong‘in soat 22:25 da qurshab olindi”, deya maʼlum qildi FVV.
Bundan to‘rt yil ilgari ham mazkur qo‘riqxona hududida yong‘in chiqqandi. O‘shanda 35 gektar yerni qamragan olovni o‘chirishga ikkita vertolyot va 200 nafar harbiy xizmatchi jalb etilgan. Vertolyotlar 8 soat 20 daqiqa davomida parvoz qilib, har biri 10-martadan yong‘inga suv sepgan.
Izoh (0)