Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 9 ta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Poytaxt YHXB holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 1-avgust kuni soat 13:30 larda Yangihayot tumani, Choshtepa ko‘chasida IVECO, Captiva, 2 ta Lacetti, Spark, Onix, Malibu-2, Cobalt, Hyundai, Tracker-2 rusumli avtomashinalari o‘zaro to‘qnashuvi natijasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
YTH natijasida tan jarohat olganlar yo‘q. Yo‘l-transport hodisasi yuk transport vositasi haydovchisining rul boshqaruvini yo‘qotishi oqibatida sodir bo‘lgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
YTHlar statistikasi
O‘zbekistonda 2025-yilning dastlabki uch oyida YTH sodir etishi oqibatida 891 nafar shaxs sudlandi.
2024-yil davomida Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan 3 321 nafar shaxs sudlangan. Ularning 917 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 2 404 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
2025-yilning I-choragi mobaynida ushbu modda bilan 891 nafar shaxs sudlanib, ularning 173 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, 718 nafar fuqaroga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Izoh (0)