O‘zbekistonda 2025/2026-o‘quv yilida to‘lov-kontrakt miqdori oshirilmaydi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, bu masalada Oliy ta’lim vazirligining mas’ullari bilan bog‘langanida, ular ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
Tez orada talabalar uchun yangi o‘quv yiliga onlayn shartnoma olish boshlanadi, shartnomada o‘tgan yili tasdiqlangan summalar aks etadi. O‘tgan yili to‘lov-kontraktlar miqdori haqidagi Davlat qabul komissiyasining qarori “2024/2025-o‘quv yilida quyidagi miqdorlar tasdiqlansin” degan mazmunda chiqqan edi. Joriy yilda yangi miqdorlar tasdiqlanmaydi, demak, yuridik jihatdan o‘tgan yili tasdiqlangan miqdorlar amal qilishda davom etaveradi.
Qoidaga ko‘ra, moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlar to‘lov-kontrakt miqdorlarini oshirish yoki eskicha qoldirish masalasini o‘zi hal qiladi.
Iyul oyining o‘rtalarida yangi o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt miqdori 10—12 foiz oshishi kutilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova “Daryo” so‘roviga javoban bugungi kunda vazirlik tomonidan bu masala ko‘rib chiqilayotganini, mazkur masala bo‘yicha barcha ma’lumotlar vazirlikning rasmiy axborot kanallari orqali e’lon qilinishini ma’lum qilgandi.
2024/2025-o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari 2024-yilning iyul oyi oxirida tasdiqlangandi. Unda kontrakt miqdori o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 15 foizga oshgandi. Avgust oyida esa superkontrakt miqdorlari tasdiqlangandi.
Izoh (0)