Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining sobiq Sergeli, ayni kundagi Yangihayot tumanida joylashgan “Yo‘ldosh” massividagi yog‘och uylar buzilishi, o‘rnida ko‘p qavatli uylar qad rostlashi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.
“Daryo” jurnalisti vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida sobiq “Sputnik” massivida bo‘lib, aholi vakillari va mas’ullarga mikrofon tutdi.
Yog‘och uylarda yashovchi aholining maʼlumot berishicha, mavjud 409 ta uy Toshkentda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng, 1967—1968-yillarda qurilgan bo‘lib, vaqtincha 5 yoki 10 yil muddat yashash uchun qurilgan. Ayni kunga kelib uylar yashash uchun yaroqsiz holga kelgan.
Qachon ko‘chirishadi deya bu yangilikni o‘n yildan beri kutyapmiz. Aslida yakkasaroylikman. 2016-yil shu uylardan sotib olgandim. O‘sha paytda ham shu gap bor edi. Men savodli odamman, toshkentlikman. Sivilizatsiya markazida yashaganman. Uyim yevroremont. Lekin atrof sasib yotibdi. Yashab bo‘lmaydigan darajadagi uylar bo‘lib qoldi. Tushunyapsizmi “santexnika”, “kanalizatsiya” — hammasi yomon. Biz daraxtlarni kesib tashlang demayapmiz. Lekin shu daraxtlar uchun shuncha odam xaroba joyda yashashimiz kerak emas-ku. To‘qson foiz aholi yaxshi yashash uchun yangilik kutmoqda, deydi yog‘och uylardan birida yashovchi Jahongir G‘iyosov.
Yog‘och uylarda sakkiz yildan beri yashab kelayotgan, ammo shaxsini ochiqlashni istamagan fuqaroning aytishicha, ular yangi uylar transportlar qatnovi qulay bo‘lgan hududda joylashishidan umidvor.
Yaxshi sharoit qilib berishsa, ko‘chishga rozi bo‘lamiz, albatta. Ammo yangi uylar ham yashayotgan joyimizga o‘xshab sharoitlari yaxshi, shahar markazida bo‘lsa deymiz. Hozircha uylar qayerdan beriladi, qay tartibda beriladi bu haqda bizga hech kim hech narsa demadi. Faqat qo‘ni-qo‘shnilardan ko‘chirilar ekanmiz deb eshitdik, deydi u.
“Daryo” jurnalisti bilan suhbatda bo‘lganlarning aytishicha, yog‘och uylarda yashovchilar uyining eskiligi, xarobaligi va yashash sharoitining og‘irligi sabab mehmon kutishga qiynaladi. Qiz uzatib, to‘y qilish ham muammo ekanini aytishmoqda.
Sharoit сhindanam yomon. Sovet Ittifoqi bu uylarni o‘n yilga deb qurgandi. Shu uylarda yashovchi 90 foiz aholi yangi uy berilishini kutmoqda. Tan olish kerak bu uylarda to‘y ham qilib bo‘lmaydi. Podyezdning ahvolini ko‘rib, sovchi ham kelmaydi. Qizimni uzataman deb, boshqa joyga ko‘chib to‘y qilganlar ham bor. Masalan oddiy kir yuvadigan mashina olib, uyni ishlatolmaymiz. Trubalar eski, yorilib ketgan. Tomlardan chakka o‘tadi, deydi aholi vakillaridan biri.
Suhbatdoshlarning ayrimlari ular yashayotgan hudud daraxtzor bo‘lgani uchun salqin va havosi toza ekanini aytib, ko‘chish niyati yo‘qligini taʼkidlamoqda.
Bizga mana shu yog‘och uylar yoqadi. Qulayliklari bor. Biz bu yerga moslashib ketganmiz. Hamma narsa qulay. Masalan yozda eng salqin joy. Odamlar ko‘chada yurishga qiynalmaydi. Yangi domlarga ko‘chishni kimdir yaxshi, kimdir esa yomon deydi. Mening shu yerda qolgim kelyapti. Agar pul masalasini hal qilsa, men qolmoqchiman. Mana shu yog‘och uylarni chiroyli qilib, tashqarisini ko‘kalamzorlashtirishsa, yaxshi bo‘lardi, deydi suhbatdosh.
O‘zini Furqat Abdurahimov deb tanishtirgan fuqaroning aytishicha, yog‘och uylarning 90 foizi “avariya” holatida.
Bu uylar buzilsa, bizga yangi uylar berishsa yaxshi bo‘lardi. Boisi bu yerdagi “dom”larning hammasi avariya holatida. Deyarli to‘qson to‘qqiz foizida yashab bo‘lmaydi. Tarakan, klapa bosib ketgan, deydi u.
Navbatdagi suhbatdosh Zulxumor Abdullayevaning aytishicha, uylarning yog‘ochi chiriy boshlagani sabab, yuqori qavatda yashovchilar cho‘milayotgan paytda yog‘ochlar yorilib, pastga tushib ketish holatlari ham bo‘lgan.
Bu uylarda yashayotganimizga o‘n yildan oshdi. Uylarning qurilganiga esa 58 yil bo‘ldi. Majburiyat va taqdir taqozosi bilan kelib qolganmiz. Yashashning iloji yo‘q, hozir uylarimiz qiyshayib ketgan, cho‘kmoqda. Kalamushlar chiqadi. Yashab bo‘lmaydigan darajaga yetib qolgan. Menga qolsa, bir kun ham yashamasdim. Xo‘jayinimiz o‘tib ketgan, o‘g‘lim yo‘q. Hozir ikkita nevaram bilan turaman. Uylar kichkina, to‘g‘ri, yashaganmiz, Lekin endi yashab bo‘lmaydigan darajaga yetib qolgan. Shuning uchun yangi “dom”lardan uy berishsa deymiz, deydi Zulxumor opa.
Yog‘och uylarda yashovchi ahvoli vakillaridan yana biri 74 yoshli Nazira Tojiboyevaning maʼlumot berishicha, Sergeli nomining kelib chiqishi koreys millatiga mansub odam Sergey Li nomi bilan bog‘liq.
Bu uylar Toshkentdagi yer silkinishidan keyin, 1966-yillardan so‘ng tezlikda qurilgan uylar hisoblanadi. Boshida cho‘l bo‘lib yotgan joy edi. Sergeli nomining kelib chiqishi ham Sergey Li degan koreys millatiga mansub odamning nomi bilan bog‘liq. Bu joylar cho‘l bo‘lgan. O‘sha paytda tezlashtirilgan holda taxtadan qurishgan. Zilzila sabab uyidan ajralganlar ko‘chib kela boshlagan. Ko‘pgina odamlarga bundan keyin yana yaxshi uylar berilgan. Lekin bu uylar ham buzilmay, foydalanish uchun olib qolingan. Bu uylar qisqa muddat yashab turish uchun qurilgan. Dastlab besh-o‘n yilning o‘zida buziladi, deb o‘ylashgan. Lekin odamlar shu paytgacha yashab kelyapti. Uyning taxtalari juda eski va tushib ketmoqda. Menga ham uy berishsa, ko‘chib o‘tardim, deydi 77 yoshli suhbatdosh.
Poytaxt hokimligi huzuridagi Toshkent Invest kompaniyasining maʼlumot berishicha, yog‘och uylarda yashayotgan aholi “Yo‘ldosh” massividan 1,5 km uzoqlikdagi “Gulshonobod” mahallasiga ko‘chiriladi.
Kamera qarshisida gapirishni istamagan Yangihayot tuman hokimi o‘rinbosariga ko‘ra, 409 ta xonadon egalari yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tgach, eski uylar buziladi. Ammo ularning o‘rnida hech qanday yangi uylar qurilishi rejalashtirilmagan. 72 gektardan iborat maydondagi daraxtlar saqlab qolinib, eski uylar o‘rnida bog‘ bo‘lishi aytilmoqda.
Izoh (0)