Prezidentnning “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta (Prezident, ijod, ixtisoslashgan taʼlim muassasalari) taʼlim tashkilotlarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani nufuzini oshirish va uning rahbarlari faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan yangi tizim joriy etiladi.
Yangi tizimga ko‘ra “Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi, faol hayotiy pozitsiya” tamoyiliga asosan yangilangan CHQBT fanining o‘quv dasturi va darsliklari yaratiladi. Taʼlim tashkilotlarida CHQBT fani haftasiga ikki soatdan o‘qitiladi.
2025-yil 1-iyundan taʼlim tashkilotlarida CHQBT rahbari lavozimi joriy etiladi. Shuningdek, taʼlim tashkilotlarida:
- o‘quvchilar o‘rtasida kibersport, dron va robototexnika, kelajak o‘yinlari bo‘yicha alohida tanlovlar hamda harbiy-sport musobaqalari o‘tkaziladi;
- ziyolilar va nuroniylar ishtirokida “uch avlod uchrashuvlari” tashkil etiladi;
- harbiy xizmatchilar tomonidan motivatsion suhbatlar va mahorat darslari olib boriladi.
Qaror bilan har bir tuman (shahar)da bitta umumiy o‘rta taʼlim maktabi negizida “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. “Jasorat maktablari”da:
- matematika, CHQBT, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi;
- o‘qish uchun o‘quvchilarni saralash 5-sinfdan boshlab amalga oshiriladi;
- robototexnika, kelajak o‘yinlari, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport o‘yinlari kabi to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkaziladi;
- o‘quv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda, har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining aʼzosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga oliy harbiy va harbiylashtirilgan hamda yuridik taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
Taʼlim tashkilotlarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda “Turon” maktab teatri tanlovi o‘tkazib boriladi.
Kibersprot va kelajak o‘yinlari
2023-yilning iyul oyida Saudiya Arabistonida o‘tgan kibersportning Counter-Strike: Global Offensive (CS:GO) turi bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi.
Joriy yil fevral oyida Shavkat Mirziyoyev Qozon shahrida “Kelajak o‘yinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbari 2026-yilgi “Kelajak o‘yinlari”ni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilgandi.
Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahrida barpo etilgan Kibersport arenasida yoshlar bilan uchrashgan edi. Tashrif davomida mutasaddilar arena faoliyatiga doir rejalar xususida so‘zlab berdi. Xususan, jahon chempionatlarida ishtirok etish uchun turli darajadagi turnirlar g‘oliblari bilan do‘stlik musobaqalari o‘tkaziladi.
Izoh (0)