Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqotda O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Rossiya prezidentining joriy yil may oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni yetakchilar tomonidan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Kuni kecha Moskva shahrida o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va ikki tomonlama muzokaralarning natijalari yuqori baholandi.
O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘sishini taʼminlash, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, O‘zbekiston va Rossiya hududlari hamda ishbilarmon tashkilotlari darajasida faol muloqotlarni davom ettirishga qaratilgan o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhimligi taʼkidlandi.
Innovatsiyalar, sunʼiy intellekt, taʼlim va tibbiyot sohalarida hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Noyabr oyida Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Xalqaro kun tartibidagi masalalar hamda joriy yil dekabr oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish nuqtai nazaridan mintaqaviy tashkilotlardagi ko‘p tomonlama hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.
Izoh (0)