Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu falastinliklar bilan tinchlik o‘rnatilishini istayotganini aytdi. Biroq u ikki davlat tuzish imkoniyatini rad etdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Vazir mintaqadagi umumiy xavfsizlik Isroil nazorati ostida bo‘lishini aytgan. Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp Netanyaxu bilan uchrashuv o‘tkazgan. Unda yahudiy bosh vaziri Falastin davlati tuzilishini HAMASning hujumlariga qiyoslagan. Trampdan jurnalistlar ikki davlat tuzilishi ehtimolligi haqida so‘raganda, u “bilmayman”, deb javob bergan.
“Menimcha, falastinliklar o‘zini o‘zi boshqarish uchun barcha huquqqa ega bo‘lishi kerak. Ammo bizga tahdid qiladigan kuchlardan hech biri bunga erisha olmaydi. Bu suveren hokimiyat va umumiy xavfsizlik doimo bizning qo‘limizda qolishini anglatadi.
7-oktyabrdan keyin odamlar falastinliklarning G‘azoda davlati borligini, ya’ni HAMAS davlati borligini ta’kidlagandi. Ular davlat qurmagan. Aksincha, ular bunker, dahshatli tunnel va hokazolar bunyod etgan. Shundan so‘ng xalqimizga qirg‘in boshlangan. Ayollarimiz zo‘rlangan, erkaklarning boshlarini kesilgan. Shahar va kibbutzimlarimizga bostirib kirilib, Ikkinchi jahon urushidan beri biz ko‘rmagan dahshatli qirg‘inlar amalga oshirilgan. Shuning uchun boshqa davlat tuzish taklifi rad etilmoqda. Chunki u Isroilni yo‘q qiluvchi platforma bo‘lardi”, degan Netanyaxu.
Yahudiy bosh vaziri Isroilni yo‘q qilishni istamaydigan falastinliklar bilan tinchlik o‘rnatilishini ma’lum qilgan.
“Bizni yo‘q qilishni istamaydigan falastinlik qo‘shnilarimiz bilan tinchlik o‘rnatamiz. Suveren xavfsizlik qudrati doimo qo‘limizda qoladi”, deb qo‘shimcha qilgan Netanyaxu.
Falastinliklar uzoq vaqtdan beri bosib olingan G‘arbiy Sohil, G‘azo va Sharqiy Quddusda AQSH vositachiligida mustaqil davlat tuzishga intilgan. Netanyaxuning “Likud” partiyasi o‘tgan haftada Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilni mamlakatga qo‘shib olishga chaqirgandi. AQSH prezidenti Donald Tramp esa falastinliklardan G‘azo sektorini tark etishni so‘ragan.
Shu bilan birga, Netanyaxu G‘azodagi falastinliklar mintaqada qolish yoki ketishni tanlash huquqiga ega bo‘lishini ta’kidlagan.
“Agar ular G‘azoda qolishni istasalar, qolsin. Ammo ketishni istasa, bunday imkoniyatga ega bo‘lishlari lozim. G‘azo qamoqxona bo‘lmasligi kerak. Odamlarga erkin tanlov huquqini beramiz”, degan u.
Izoh (0)