AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining faoliyati (USAID) 1-iyul kuni rasman tugatildi. Prezident Donald Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik davrida agentlikni isrofgarchilikka yo‘l qo‘yganlikda ayblab, uni asta-sekin tugatayotgan edi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Mart oyi holatiga ko‘ra, agentlik dasturlarining 80 foizdan ortig‘i bekor qilingandi. Hukumat 1-iyul kuni tashkilotning qolgan faoliyatiga butunlay chek qo‘ygan. Dunyodagi eng yirik ta’minotchi bo‘lgan USAID’ning yopilishi sobiq prezidentlar Barak Obama va Jorj Bush tomonidan keskin qoralangan.
“USAID’ni tugatish — xiyonat va fojia. Agentlik dunyoning ko‘p nuqtalarida juda muhim faoliyat bilan shug‘ullanadi”, dedi Obama.
Agentlik yordamining qisqartirilishi 2030-yilga borib 14 milliondan ortiq odamning halok bo‘lishiga olib kelishi haqida xabar berilgandi. Bu borada nufuzli Lancet tibbiyot jurnalida ogohlantirish sifatida maqola e’lon qilingan. Unga ko‘ra, erta o‘lim xavfi ostida bo‘lganlarning uchdan bir qismi bolalar ekani taxmin qilingan. Hukumat rasmiysining aytishicha, tadqiqotda “noto‘g‘ri taxminlar” mavjud va AQSH yordamni “samaraliroq” tarzda ko‘rsatishda davom etadi.
1961-yilda tashkil etilgan USAID 10 mingga yaqin kishini ish bilan ta’minlagandi. Ularning uchdan ikki qismi xorijda faoliyat yuritgan. Tramp o‘z prezidentligining ikkinchi muddatida Ilon Maskka federal ishchi kuchini qisqartirish vazifasini topshirgan. Shu bilan agentlikning ham faoliyati asta-sekin qisqarib borgan. Bu harakat butun dunyodagi gumanitar tashkilotlar tomonidan qoralangan.
Agentlikning to‘xtatilgan faoliyatlari orasida Ukrainada yaralanganlarga protez oyoq-qo‘llar yetkazib berish, hududlarni minalardan tozalash va Afrikada Ebola tarqalishini to‘xtatish dasturlari ham bor edi. USAID’ning veb-saytida 2-iyul kuni agentliknig butun dunyodagi xodimlari 23-fevraldan boshlab “ma’muriy ta’til”ga chiqarilgani haqida xabar berilgan.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio qisqartirishlardan keyin qolgan 1000 ta dastur uning departamentiga biriktirilganini ma’lum qilgandi.
“Hukumat tomonidan ruxsat etilgan bu samarasizlik davri rasman tugadi. Tramp ma’muriyati davrida biz nihoyat Amerikada milliy manfaatlarimizni birinchi o‘ringa qo‘yadigan xorijiy moliyalashtirish missiyasiga asos solamiz”, degan u.
Izoh (0)