O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 21-sentabr kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer bilan muzokaralar o‘tkazdi.
TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va USAID o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama qilindi. Afg‘onistondagi vaziyat va mamlakatda gumanitar inqirozning oldini olish bo‘yicha zarur yordam ko‘rsatishning ahamiyati xususida fikr almashildi.
Shuningdek, mamlakatda sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi sohasidagi dasturlarni amalga oshirish, sud-huquq tizimini takomillashtirish, O‘zbekistonning COVID-19 ga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
“Gazeta.uz”ning USAID xabariga tayanib yozishicha, Abdulaziz Komilov va Samanta Pauer, shuningdek, bir oy ichida bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekistonda erkin va adolatli prezidentlik saylovlarining ahamiyatini muhokama qildi”.
Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Komilov bundan avval AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer bilan 28-iyun kuni amaliy tashrif bilan AQShga borganida muzokara o‘tkazgandi.
Samanta Pauer O‘zbekistondagi islohotlar dasturini amalga oshirishda o‘sishga erishilayotganini olqishlagan hamda hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar taraqqiyot bo‘yicha maqsadlariga erishishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
Izoh (0)