Bolgariya va Ruminiya o‘rtasidagi chegara nazorati 1-iyul kuni bekor qilindi. Bu haqda Novinite xabar berdi.

Qaror ikki qo‘shni Bolqon davlatlari uchun Shengen kelishuvini amalga oshirishda muhim qadam bo‘lgan. Ushbu nazorat Bolgariya va Ruminiya 2025-yil 1-yanvarda Shengen hududiga qo‘shilganidan keyin joriy etilgandi.
Bu vaqt mobaynida vaqtinchalik nazorat Avstriya bilan kelishuv natijasida amalga oshirilgan. Avstriya dastlab Bolgariya va Ruminiyaning Shengen hududiga to‘liq a’zo bo‘lishiga qarshi bo‘lgandi. Nazoratning olib tashlanishi Shengen tizimiga 40 yil to‘lgani bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi. Bolgariyaning Gretsiya bilan janubiy chegarasidagi vaziyat esa o‘zgarishsiz qolmoqda. Harbiylar zarurat tug‘ilganda tekshiruv o‘tkazish huquqini saqlab qolgan.
Nazorat bekor qilinishi arafasida ichki ishlar va migratsiya bo‘yicha Yevropa komissari Magnus Brunner Bolgariyaga tashrif buyurgan. Komissar u yerda Bolgariya bosh vaziri Rozen Jelyazkov bilan uchrashgan. Suhbatda Jelyazkov Bolgariya Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarini himoya qilishga qat’iy sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.
Komissar Brunnerning ta’kidlashicha, nazoratning olib tashlanishi Yevropa chegaralari orqali odamlar va tovarlarning erkin harakatlanishini rag‘batlantiradi. Shengen Yevropa Ittifoqining asosiy yutuqlaridan biri bo‘lib qolsa-da, endilikda tashqi chegaralarni boshqarish, migratsiya va kontrabanda kabi jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda.
Izoh (0)