Bolgariya chegarasining ochilish marosimi mamlakatning Shengenga qo‘shilishi munosabati bilan Sofiya aeroportida bo‘lib o‘tdi. Mamlakatning iste’fodagi bosh vaziri Nikolay Denkov va mamlakat hukumati a’zolari Berlindan parvozni kutib olishdi.
“Shengen — Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lganimizdan keyingi eng katta muvaffaqiyat. Biz birlasha oldik va Yevropa Ittifoqi ishonchini qayta tikladik. Shengen — Bolgariya Yevropa yo‘lidan ishonch bilan ketayotganini ko‘rsatadi”, — dedi Denkov marosim ishtirokchilarini qutlar ekan.
Sofiya aeroportiga Neapoldan parvoz qilganlar pasport nazoratidan o‘tmasdan chegaradan o‘tgan ilk yo‘lovchilar bo‘lishdi.
“Ammo aviatsiya xavfsizligi qoidalari bo‘yicha tekshiruvlar, albatta, saqlanib qolmoqda. Pasport kerak, u yo‘lovchining shaxsini tasdiqlash uchun samolyotga chiqishda ko‘rsatiladi”, — dedi Bolgariya chegara politsiyasi direktori Anton Zlatanov nashrga bergan intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, Bolgariyadagi barcha aeroport va dengiz portlarida Shengen qoidalari bo‘yicha ishlarga texnik tayyorgarlik ko‘rilgan.
2023-yil 30-dekabrda Yevropa Ittifoqi Kengashi 2024-yil 31-martdan boshlab Ruminiya va Bolgariyaning havo va dengiz chegaralarida Shengen qonunchiligini qo‘llashga qaror qildi. Ayni paytda ikki davlat rasmiylari quruqlik orqali sayohat qiluvchilar uchun ham pasport nazoratini bekor qilish choralarini ko‘rmoqda, bunga Avstriya hukumati qarshilik qilmoqda.
Izoh (0)