Amerikalik milliarder Ilon Mask bolalar uchun maxsus sun’iy intellekt ilovasini yaratishni rejalashtirmoqda. Unga Baby Grok nomi beriladi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Yangi ilova milliarderning xAI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Hozircha loyiha tafsilotlari oshkor etilmagan. Ilova qanday ishlashi, yosh cheklovlari yoki qaysi mazmundagi kontentni taqdim etishi ham noma’lum.
Maskning xAI kompaniyasi 2023-yilda tashkil etilgan va u tez orada Grok nomli chatbotni ishga tushirgan. Bu bot OpenAI kompaniyasining ChatGPT modeliga raqib sifatida taqdim etilgan.
2024-yil boshida esa xAI kompaniyasi Grok 4 versiyasini ishga tushirgan. U oldingi modellardan tezroq, aniqroq va mantiqiy fikrlashda ustunroq bo‘lgan SI platformasi hisoblanadi.
Biroq yaqinda Grok platformasi tanqid ostiga olingan, u antisemitik mazmundagi so‘zlar yozgani, foydalanuvchilarni haqorat qilishga o‘tgani ta’kidlangan. Platforma turk tilida berilgan ayrim savollarga javoban prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, zamonaviy Turkiya asoschisi Mustafa Kamol Otaturk va diniy qadriyatlarni haqorat qiluvchi kontent taqdim etgan. Shundan so‘ng Turkiyada uni bloklashga qaror qilingan.
Ilon Mask avvalroq o‘z sun’iy intellekt platformasining “haqiqatni aytadigan, siyosiy jihatdan neytral va erkin fikrli” bo‘lishini ta’kidlagan edi.
Izoh (0)