Yaponiyaning Vaseda universiteti xususiy kompaniyalar bilan birga uch metrli robot ishlab chiqaradi. Bu haqda Kyodo xabar berdi.

Robotlar tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish va qutqaruv ishlarida qo‘llaniladi. Ularning bo‘yi uch metr, vazni esa 300 kilogramm bo‘ladi.
Bunday robotlar soatiga 5 kilometr tezlikda yura oladi va 100 kilogrammdan ortiq og‘irlikdagi yuklarni ko‘tara oladi. Ularning asosiy vazifasi Yaponiya tez-tez duch keladigan zilzilalar va boshqa tabiiy ofatlardan keyingi vayronalarni tozalash bo‘ladi, deya ta’kidlaydi agentlik.
Sinovdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan model 2026-yil oxirigacha tayyor bo‘ladi. Ommaviy ishlab chiqarishni 2029-yilgacha yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Yaponiya bir vaqtlar odamsimon robototexnika sohasida dunyo yetakchisi bo‘lgan. 1973-yilda Vaseda universiteti dunyodagi ilk ikki oyoqli robot — WABOT-1 ni yaratgan. Keyinchalik Honda kompaniyasi 2011-yilgacha ishlab chiqqan ASIMO robotlari bilan bu yo‘nalishda yetakchilikni davom ettirgan. Bugungi kunda esa inson o‘rnini to‘liq bosuvchi qutqaruv robotlari mavjud emas.
Izoh (0)