Ijtimoiy tarmoqlarda Xatirchi tumani hokimining xorijda yashovchi Buxoro yahudiylarini kutib olgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan izoh berildi.

Unga ko‘ra, bu kabi tashriflar O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi ochiqligi, diniy va milliy bag‘rikenglik borasidagi yutuqlari e’tirof etilayotganining yorqin dalili.
“Ma’lumki, mamlakatimizda millatlararo totuvlik, umummilliy hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni hurmat qilish siyosati izchil davom ettirilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinchlik va ahil-inoqlikda hayot kechirmoqda. 16 ta rasmiy diniy konfessiya, jumladan yahudiy jamoalari ham qonun asosida erkin faoliyat olib bormoqda.
Shu qatorda yahudiylar uchun sinagogalar faoliyat olib bormoqda. Shu bilan birga, ikkala davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan, elchixonalar faoliyat yuritmoqda, Toshkent—Tel-Aviv—Toshkent yo‘nalishida aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etish kerakki, Xatirchi tumaniga tashrif buyurgan xorijlik yahudiylar, to‘g‘rirog‘i azaliy vatandoshlarimiz — Buxoro yahudiylari – qachonlardir o‘zlari, ota-bobolari yashab o‘tgan diyorning tarixiy-madaniy merosini o‘rganish, ajdodlar qadamjolarini ziyorat qilish, O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlash maqsadida kelishgan. Tuman hokimining ushbu mehmonlarni kutib olgani xalqimizga xos mehmondo‘stlik va bag‘rikenglikning yaqqol ifodasidir.
Shuni alohida qayd etish kerakki, bu kabi tashriflar O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi ochiqligi, diniy va milliy bag‘rikenglik borasidagi yutuqlari e’tirof etilayotganining yorqin dalili, insoniy tamoyillarga asoslangan yondashuvdir.
Millatlararo totuvlik va umummilliy hamjihatlik – bu xalqimizning bebaho boyligi va barqaror taraqqiyotning kafolatidir. Uni asrash, mustahkamlash – har bir fuqaroning burchidir.
Shu o‘rinda, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, jurnalist va blogerlardan bu kabi holatlarni ishonchli ma’lumotlarga tayangan holda e’lon qilishlarini hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini chalg‘ituvchi ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Izoh (0)