Janubiy Koreyada 26-avgustdan boshlab chet elliklar uchun ko‘chmas mulk xaridida yangi qoidalar kuchga kiradi. Endi Seul shahrida, shuningdek, poytaxtning aksariyat tumanlarida uy-joy sotib olish cheklanadi. Bu haqda The Korean Herald xabar berdi.

Xorijliklar uylarni mahalliy hokimiyat ruxsati bilan va shaxsiy yashash uchun sotib olishi mumkin. Cheklov amal qiladigan hududlarga Seul, Kyongido provinsiyasidagi 23 ta munitsipalitet (Yangju, Ichon, Ijongbu, Tonduchon, Yangpyon, Yoju, Gapyong va Yongchon mustasno) va Inchondagi yettita avtonom okrug (Donggu, Kanghwa va Onjindan tashqari) kiradi.
Barcha xorijiy shaxslar, kompaniyalar va idoralar ko‘chmas mulk sotib olishdan oldin hokimiyatdan ruxsat olishi shart. Ruxsatsiz bitimlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Cheklovlar barcha turdagi uy-joylarga taalluqli: kvartiralar, ko‘p qavatli uylar, taunxauslar va xususiy uylar. Faqat ofistellar (biznes-klassdagi apartamentlar) bundan mustasno. Ko‘chmas mulk sotib olgandan so‘ng, chet ellik 4 oy ichida ko‘chib o‘tishi va u yerda kamida 2 yil istiqomat qilishi shart. Shu sababli uy sotib olgach, uni ijaraga berib bo‘lmaydi. Uy pulga sotib olinsa ruxsat kerak bo‘ladi, bepul berilsa shart emas.
Agar qoida buzilsa, mulk joylashgan hudud hokimiyati 3 oy ichida qonunga amal qilishni buyuradi. Agar bu talab bajarilmasa, har yili yer narxining 10 foizigacha jarima solinadi.
Izoh (0)