Shimoliy Afrika davlatlari 9-iyun kuni Tunis poytaxtidan G‘azoga yordam karvoni jo‘natdi. Bu haqda Middle East xabar berdi.

Bu yordam Isroilning Falastin anklavidagi 18 yillik qamalini buzish maqsadida amalga oshirilmoqda. Jazoir, Misr, Liviya, Marokash va Tunisdan kelgan minglab ko‘ngillilar G‘azodagi gumanitar inqiroz haqida xalqaro xabardorlikni oshirish va yordam yetkazish uchun Tunis poytaxtini 100 ta avtomobil karvonida tark etdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti G‘azoni “Yer yuzidagi ocharchilik avjiga chiqqan joy” deb ta’riflagan. Mamlakatda yarim millionga yaqin odam ochlik, to‘yib ovqatlanmaslik, kasallik va o‘lim vaziyatida.
“Karvon qamaldagi Falastin xalqiga birdamlik bildiradi va ularga gumanitar yordam yetkazadi. Uning a’zolari Tunis—Liviya chegarasidagi Ras Yedir o‘tish joyiga yo‘l oladi va Liviya qirg‘oq yo‘li bo‘ylab Qohiraga, so‘ngra G‘azodagi falastinliklarga birdamlik va yordam xabarlarini yetkazish uchun Misr—Falastin chegarasidagi Rafah o‘tish joyiga boradi”, deya ma’lumot berilgan.
Arab tilida matonat va sobitqadamlik ma’nosini anglatuvchi “Sumud” kolonnasi tarkibida kasaba uyushmalari va siyosiy arboblar, shuningdek, huquq himoyachilari, sportchilar, huquqshunoslar, shifokorlar, jurnalistlar va yoshlar tashkilotlari a’zolari borligi aytilmoqda. Biroq karvon haqiqatan ham qamaldagi G‘azo sektoriga yetib boradimi yoki yo‘qmi, noma’lum, Chunki Misr rasmiylari hali karvonga Shimoliy Sinayga kirishga ruxsat bermagan.
“Siz (G‘azo) yolg‘iz emassiz. Biz sizning dardingizga sherikmiz”, dedi Jazoir musulmon ulamolari uyushmasi a’zosi shayx Yahyo Sari.
Ma’lumot uchun, 9-iyun kuni Isroil kuchlari G‘azo sektori blokadasini yorib o‘tishni maqsad qilgan Madlen xayriya kemasini qo‘lga olgan va uning 12 kishidan iborat ekipajini, jumladan, faol Greta Tunbergni hibsga olgandi.
Izoh (0)