Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mamlakat hech qachon boshqa hududlarni “bosib olishni maqsad qilmagani”ni aytdi. Bu haqda vazirning so‘zlariga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Lavrovning da’vosiga ko‘ra, Qrim, Donbass yoki Novorossiyani qo‘lga kiritish ham maqsad qilinmagan.
Yana bir bor alohida ta’kidlamoqchiman: biz hech qachon shunchaki hududlarni bosib olishimiz kerak, deb gapirmaganmiz. Na Qrim, na Donbass va na Novorossiya hudud sifatida bizning maqsadimiz bo‘lgan.
Bizning maqsadimiz bu yerlarda asrlar davomida yashagan, bu yerlarni kashf etgan, ular uchun Qrimda ham, Donbassda ham qon to‘kkan, Odessa, Nikolayev va boshqa ko‘plab shaharlar, portlar, zavodlar hamda fabrikalar yaratgan odamlarni, rus odamlarini himoya qilish edi, deya ta’kidladi u.
Rossiya tashqi ishlar vaziri mamlakat xavfsizligi va Ukrainadagi ruslarning huquqlarini to‘liq hurmat qilmasdan turib, hech qanday uzoq muddatli kelishuvlar haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini aytdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 16-avgust kuni Tramp bilan Alyaskadagi uchrashuvda Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlarining butun hududiga da’vo qildi. U oktyabrgacha Donetsk viloyatining okkupatsiya qilinmagan qismini egallab olishi mumkinligiga ishontirmoqda. Aslida rossiyalik harbiylar 10 yildan ortiq vaqt davomida butun hududni egallay olmayapti.
Ukraina nazoratida Kramatorsk va Slavyansk kabi yirik shaharlar bor. Ularni bosib olish Baxmutdan ancha qiyin — rus armiyasi o‘sha yerda kamida 20 ming askarini yo‘qotgan. Bu ikki shahar ortida esa keng dashtlar bor, ular orqali yo‘l to‘g‘ridan to‘g‘ri Izium va Xarkovga olib boradi. Shu sababli Ukraina o‘z xavfsizligi nuqtai nazaridan Donetsk viloyatining bu qismini tark etishga mutlaqo tayyor emas.
Izoh (0)