Labubu qo‘g‘irchog‘ining yaratuvchisi — Xitoyning Pop Mart kompaniyasi 2025-yilning birinchi yarmida daromadlarini 400 foizga oshirgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Pop Martning xunuk-chiroyli Labubu qo‘g‘irchoqlarining daromadlari oshishiga kompaniyaning yuqori foyda marjasiga ega xorijiy bozorlariga chiqqani sabab bo‘lgan. Sof foyda 396,5 foizga, daromad esa 204,4 foizga oshib, iyul oyida e’lon qilingan prognozlardan ham yuqori natija ko‘rsatgan.
Pop Mart aksiyalari yil boshidan buyon 200 foizdan ortiq o‘sgan. Kompaniya qo‘g‘irchoq sanoatidagi doimiy gigantlar — Barbie ishlab chiqaruvchisi Mattel va Hello Kitty brendi egasi Sanriodan ham qimmatroqqa baholanmoqda.

Qayd etilishicha, Pop Mart o‘yinchoqlarini “blind box” usulida sotadi. Ya’ni xaridor o‘yinchoqni ochib ko‘rmaguncha, quti ichida qanday kolleksiya borligini bilmaydi. Tishlari ko‘rinib jilmaygan Labubu qo‘g‘irchog‘ining muvaffaqiyatida mashhur yulduz muxlislari ham katta rol o‘ynagan. Ular orasida Blackpink guruhining a’zosi Liza, qo‘shiqchi Rianna va sobiq futbolchi Devid Bekhem bor.
Pop Mart qo‘g‘irchoqlariga talab kundan-kunga oshib bormoqda. Kompaniya esa mijozlarga o‘z vaqtida qo‘g‘irchoqlarni yetkazish uchun ishlab chiqarishni oshirishga va’da bergan.
Kompaniya bosh direktori Van Nin o‘tgan oy Xitoy davlat ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Labubu sotuvlari sentyabr oyidan boshlab kuniga 10 million donadan oshishini aytgan.
Hozirda Pop Mart’ning 571 ta do‘koni mavjud bo‘lib, ulardan 40 tasi joriy yilning birinchi yarmida ochilgan. Shuningdek, kompaniya 18 ta davlatda 2 597 ta avtomatlashtirilgan robot-do‘konlarga ega.
Izoh (0)