Joriy yil II choragida O‘zbekistonda aksar korxonalar to‘liq quvvatda ishlashiga gaz va elektr taʼminotidagi uzilishlar to‘sqinlik qilgan. Bu haqda Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovda aniqlangan.

Iyul oyida mamlakatning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida so‘rov o‘tkazilgan. Tadqiqotda iqtisodiy faollik, tadbirkorlik muhiti va bandlik bilan bog‘liq masalalar o‘rganilgan. Jumladan, ayrim korxonalar to‘liq quvvatda ishlashiga to‘siq bo‘layotgan omillar tahlil qilingan.
Toshkent shahri va viloyatida ayrim korxonalar faoliyatida imkoniyat cheklanishiga gaz va elektr taʼminotidagi uzilishlar sabab bo‘lgan. O‘z navbatida yuqori ijara xarajatlari, avtomobil yonilg‘isi qimmatlashuvi, maʼmuriy aralashuvlar kabi omillar ham ikki hududdagi biznesga salbiy taʼsir qilgani qayd etilgan.

Buxoro, Navoiy, Samarqandda ham energiya muammosi asosiy to‘siqlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Mazkur hududlardagi tadbirkorlar yuqoridagi omillarga soliq tizimidagi qiyinchiliklarni qo‘shimcha qilingan. Qolgan hududlardagi tadbirkorlar mablag‘ yetishmasligidan ham aziyat chekayotganini keltirib o‘tgan.
Tahlilga ko‘ra, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida tashish, hunarmandchilik va ishlab chiqarish tarmoqlari quvvatlaridan to‘liq foydalana olmayapti. Bunga asosiy to‘siqlar: aylanma mablag‘lar yetarli emasligi, soliq tizimidagi qiyinchiliklar, energiya taʼminotidagi uzilishlar va talabning yuqori emasligida.
So‘rov natijalaridan barcha hududlar uchun universal muammo — energetika uzilishlari ekanini ko‘rish mumkin.
Tadqiqot davrida tadbirkorlarning moliyaviy holati ham o‘rganilgan. Ular orasida oxirgi uch oyda qarz majburiyatlari oshganini bildirganlar ulushi ortgan. Shu bilan birga, qo‘shimcha kreditlarga bo‘lgan talab borasidagi kutilmalarda ijobiy tendensiyalar saqlanib qolmoqda.
“Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida kelgusi chorakda kredit resurslariga ehtiyoj sezilarli oshishi kutilmoqda. Turizm, qurilish va hunarmandchilik sohalaridagi tadbirkorlar tomonidan kredit mablag‘lariga nisbatan yuqori qiziqish bildirilmoqda”, deyiladi Markaziy bank tahlilida.
Manba o‘rta muddatli istiqbolda tadbirkorlarning mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga bo‘lgan ishonchi ijobiy saqlanayotganini qayd etgan.
Avvalroq Markaziy bank tadqiqotida non narxi nega qimmatlashgani o‘rganilgandi. Natijalarga qaraganda, mamlakatda oxirgi besh yilda non narxi 77,6 foizgacha oshgan.
Izoh (0)