O‘zbekistonda savdo va umumiy ovqatlanish soliqdan qochish xavfi eng yuqori sohalar bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Soliqchilar 2025-yil yanvar-iyul oylarida soliq to‘lamaslik xavfi yuqori bo‘lgan 2 ming 519 ta korxonada audit o‘tkazilgan. Mazkur raqam ushbu davrda faoliyat ko‘rsatgan jami soliq to‘lovchilarning (549,3 mingta) 0,4 foiziga teng.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, o‘tkazilgan tekshiruvlarda 1 ming 270 ta korxona 15,3 trillion so‘mdan ortiq soliq bazasini yashirgani aniqlangan. Oqibatda ularga nisbatan 3,1 trillion so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan.
Jarayonda aniqlangan soliq xavfi summasi 7,7 trillion so‘m, soliq auditida aniqlangan miqdor 9,2 trillion so‘m bo‘lgan. Yaʼni kutilganidan ham ko‘p miqdordagi soliqdan qochish holatlari kuzatilgan.
Soliqdan qochish xavfi eng yuqori sohalar — savdo va umumiy ovqatlanish bo‘lgan (5,5 trillion so‘m). Shu bilan birga, ishlab chiqarish (1,1 trillion so‘m), qurilish (961 milliard so‘m), xizmat ko‘rsatish (641,7 milliard so‘m) sohalarida ulush nisbatan katta.
Tahlil qilinishicha, mamlakatda 460 ta subyektda 4,6 trillion so‘mlik sotilgan tovarlar summasi ko‘rsatilmagan. 394 ta korxonada 5,1 trillion so‘mlik tovarlar inventarizatsiya paytida ombor yoki realizatsiya joyida mavjud bo‘lmagan. Yana 416 ta subyektda 5,5 trillion so‘mlik kirim qilinmagan tovarlar saqlangan yoki realizatsiya qilingan.
Qo‘mita hozirda to‘lov muddati kelgan soliqlar miqdori 5 trillion so‘m bo‘lib, shundan 2,3 trillion so‘mi (46 foiz) to‘langanini qayd etgan.
Taqqoslash uchun, 2024-yil yanvar-iyul oylarida jami 1 ming 226 ta tadbirkorlik subyektida soliq auditi o‘tkazilgan. Aniqlangan soliq xavfi summasi 2 trillion so‘mni, tekshiruv davrida esa 2,9 trillion so‘mni tashkil etgan. Ularga nisbatan 960,4 milliard so‘m jarima qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 13-avgustda Soliq qo‘mitasining my3.soliq.uz maʼlumotlar bazasida texnik nosozlik yuz bergandi. Oqibatda 30,1 ming soliq to‘lovchining hisobidan asossiz ravishda jami 399,3 milliard so‘m mablag‘ yechib olingan. Pullar 14-avgust kuni egalariga qaytarilgan.
Izoh (0)