Isroil Misrga 35 milliard dollarlik tabiiy gaz yetkazib beradi. Bu yahudiy davlati tarixidagi eng yirik eksport shartnomasi hisoblanadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Yetkazib berish Leviyatan gaz konidan 2040-yilgacha davom etadi. Bunda gaz yetkazib berish ikki bosqichda amalga oshiriladi:
- Birinchi bosqichda, ya’ni 2025-yildan 20 milliard kub metr gaz yetkaziladi;
- Ikkinchi bosqichda, Leviyatan platformasining kengaytirilishi tugagach, yana 110 milliard kub metr gaz eksport qilinadi.
Gaz koni taxminan 600 milliard kubometr zaxiraga ega. Leviyatan rezervuari 2020-yilda ishlab chiqarish boshlanganidan ko‘p o‘tmay Misrni ta’minlay boshladi. Shu vaqt mobaynida 23,5 milliard kub metr gaz yetkazib berildi.
Misr — arab dunyosidagi eng ko‘p aholiga ega davlat. So‘nggi ikki yil davomida bu yerda moliyaviy inqiroz va gaz tanqisligi tufayli tez-tez elektr uzilishlari kuzatilmoqda. Misr avval Yevropaga gaz yetkazuvchi markaz bo‘lishni rejalashtirgan edi, biroq endi o‘zi gaz import qilayotgan davlatga aylangan. So‘nggi oylarda u 150-160 ta suyultirilgan tabiiy gaz yukini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzdi.
Izoh (0)