Yaponiyada kanalizatsiya quvurlarini tekshirish paytida to‘rt erkak vafot etdi. Bu haqda Japan Today xabar berdi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ularning barchasi chuqur lyukka tushib qolgan — dastlab bir ishchi uning ichiga yiqilgan, qolgan uch kishi esa uni qutqarishga uringan.
Kengligi taxminan 60 santimetr, chuqurligi 12 metr bo‘lgan lyuk 1981-yilda o‘rnatilgan diametri 2,6 metrlik eski kanalizatsiya quvuriga olib boradi. Halok bo‘lganlarning to‘rtalasi ham 50 yoshlar atrofidagi erkaklardir.
Fojia joyida vodorod sulfid — rangsiz, ammo o‘tkir hidli, zaharli va o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan gaz aniqlangan. Hozirda politsiya ishchilarning o‘limida bu gazning roli bor-yo‘qligini tekshirmoqda.
Obyektda jami yetti kishi bo‘lib, ular texnik ko‘rikdan o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida drenaj ishlarini olib borishayotgan bo‘lgan. Ushbu tekshiruv hukumat ko‘rsatmasiga binoan 2025-yil yanvar oyida Yasio shahridagi chorrahada ulkan o‘pirilib tushgan joy hosil bo‘lgan voqeadan so‘ng o‘tkazilgan. O‘shanda chuqurga yuk mashinasi tushib ketgan bo‘lib, uning haydovchisi may oyigacha bedarak yo‘qolgan deb hisoblanib, keyinchalik uning jasadi topilgan edi.
Kanalizatsiya quvurlarining zanglashi natijasida yuz bergan hodisa jamoatchilik e’tiborini yer o‘pirilishiga jalb qilgan va hukumatni eskirayotgan infratuzilma muammosini hal etish choralarini ko‘rishga undagan.
Hukumat mart oyida boshlagan tekshiruv butun mamlakat bo‘ylab kamida 30 yil avval o‘rnatilgan, diametri 2 metr va undan katta bo‘lgan kanalizatsiya quvurlariga qaratilgan.
Izoh (0)