Madridning “Real” klubi prezidenti Florentino Peres braziliyalik futbolchi Vinisius Junior jamoadan ketadigan bo‘lsa, uning o‘rnini “Manchester Siti” hujumchisi Erling Holand bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ispaniyaning Cadena Ser nashriga tayanib Championat xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Peresning eng katta orzularidan biri — “qaymoqranglilar” hujum chizig‘ida Erling Holand va Kilian Mbappeni bir vaqtning o‘zida sinab ko‘rish. Holand transferi aynan Vinisius Juniorning sotilishidan tushadigan mablag‘ hisobiga amalga oshirilishi mumkin.
Avvalroq OAVda Saudiya Arabistoni klublari Vinisius uchun “Real Madrid”ga 200 million yevro taklif qilishga tayyor ekani haqida xabarlar tarqalgan edi. Agar bu transfer amalga oshsa, klub Holandni xarid qilish uchun yaxshigina moliyaviy imkoniyatga ega bo‘ladi.
Florentino Peres ilgari ham klubga yulduz futbolchilarni jalb etish bo‘yicha katta loyihalarni amalga oshirgan. Endilikda u Holand va Mbappeni bir jamoada jamlab, “Real Madrid”da navbatdagi “Galaktikos” davrini boshlamoqchi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan mavsum Erling Holand “Manchester Siti” tarkibida 48 ta o‘yinda maydonga tushib, 34 ta gol, 5 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Vinisius Junior esa “Real” safida 58 bahsda ishtirok etib, o‘z hisobiga 22 ta gol, 19 ta assist yozdirib qo‘ygan.
Izoh (0)