Indoneziyaning Riau provinsiyasida yashovchi 10 yoshli Rayyan Arkan Dixe “Pacu Jalur” nomli milliy festivalda an’anaviy tez yuruvchi qayiqning burnida raqsga tushdi va bir zumda ijtimoiy tarmoqlarda yulduzga aylandi. NDTV xabar berishicha, Dixening harakatlari qayiq suzib turganiga qaramay, yengil va erkin ko‘ringan.

Dixening chiqishi mashhurlar e’tiborini ham tortdi. Uning raqsi haqida amerikalik futbolchi va Teylor Sviftning qallig‘i Trevis Kelsi, futbolchi Diego Luna, poygachi Aleksandr Albon, avtopoygachi Mark Markes hamda BTS guruhining a’zolari Chonguk va Bi o‘z fikrlarini bildirishdi.
Dixening raqs mahorati ko‘pchilik tomonidan “aura farmlash”ning eng yorqin namunasi sifatida tan olinmoqda. Bu atama insonning hech qanday zo‘raki harakatlarsiz, tabiiy holda jozibali, ishonchli va o‘ziga xos ko‘rinish qobiliyatini anglatadi. Masalan, Dixening qayiqqa chiqib raqsga tushishi — bu nafaqat raqs, balki o‘ziga xos uslub va yengillikni namoyon etuvchi chiqish.
Rayyan 2014-yil 28-dekabrda Riau provinsiyasining Kuantansingingi tumanida tug‘ilgan. U hozirda 5-sinfda o‘qiydi, qayiqda raqsga tushishni esa to‘qqiz yoshidan boshlagan. Uning otasi va amakisi an’anaviy qayiq poygasi bo‘lgan “Pacu Jalur” festivalining doimiy ishtirokchilari. Mazkur festivalda qayiqning burnida raqsga tushuvchi ishtirokchi eshkakchilarni ruhlantirib, kuchlarini poyganing oxirigacha bir maromda ishlatishiga yordam beradi.
Rayyan Dixening so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan raqs harakatlarini uning o‘zi o‘ylab topgan. Mashhurlikka erishganidan so‘ng u yangi imkoniyatlarga ham ega bo‘ldi: yaqinda Riau gubernatori uni provinsiyaning madaniyat elchisi etib tayinladi. Shuningdek, u Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida madaniyat va turizm vaziri bilan uchrashdi va bir necha televizion dasturlarda ishtirok etdi.
India Times nashrining yozishicha, Rayyan Dixe ishtirokidagi video mahalliy madaniyat va “Pacu Jalur” festivaliga e’tiborni oshirdi, festival esa ming yillik an’anadan zamonaviy fenomen darajasiga ko‘tarildi.

Rayyan o‘ziga va sog‘lig‘iga ehtiyotkor bo‘lishni maslahat beradi. Uning xavfsizligi haqida ayniqsa onasi juda qayg‘uradi. Ayolning aytishicha, qayiqda raqsga tushayotgan paytda o‘g‘li yiqilib tushishi mumkin. Shunga qaramay, uni tinchlantiradigan jihat bor: Rayyan suzishni juda yaxshi biladi, festival vaqtida esa qutqaruvchilar navbatchilik qiladi.
Internet yulduziga aylangan Dixe kelajakda politsiyachi bo‘lishni orzu qiladi.
Izoh (0)