Buyuk Britaniya G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilgandan so‘ng Falastin davlatini tan olishi mumkin. Bu haqda Birlashgan Qirollik bosh vaziri Kir Starmer X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan videomurojaatida ma’lum qildi.

“Eng yaqin ittifoqchilarimiz bilan birgalikda urushdan aziyat chekayotganlarning hayotini o‘zgartiradigan amaliy yechimlarga e’tibor qaratgan holda mintaqada tinchlik o‘rnatish strategiyasi ustida ishlamoqdaman. Ushbu strategiya o‘t ochishni to‘xtatishni uzoq muddatli tinchlikka aylantirish uchun zarur bo‘lgan aniq qadamlarni o‘z ichiga oladi. Falastin davlatini tan olish ana shu qadamlardan biri bo‘lishi lozim. Bu masaladagi nuqtayi nazarim aniq”, dedi Britaniya hukumati rahbari.
Shu bilan birga, Starmer Falastinni tan olish “ikki davlatning yonma-yon yashashi tamoyili asosida Falastin-Isroil mojarosini hal etishga va falastinliklar hamda isroilliklar uchun uzoq muddatli xavfsizlikni ta’minlashga olib keladigan keng qamrovli rejaning bir qismi bo‘lishi kerak”ligini ta’kidlagan.
Financial Times gazetasi Starmer AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarni buzmaslik uchun Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishga shoshilmayotganini xabar qilgandi. Nashrning yozishicha, Vashington AQSH ittifoqchilarini Falastinni tan olmaslikka undamoqda, chunki bu G‘azo sektoridagi mojaroni hal qilishni qiyinlashtiradi.
Falastin davlatini tan olish to‘g‘risidagi band 2024-yil iyul oyida umumiy saylovlarda g‘alaba qozonib, hokimiyatga qaytgan Buyuk Britaniya Leyboristlar partiyasining saylovoldi dasturida mavjud edi. Biroq unda bu qachon sodir bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilmagandi. Starmer avvalroq London Falastinni “munosib vaqtda” tan olishini bildirgandi.
Bundan avval Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida mamlakat Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)