Ijtimoiy tarmoqlarda aktyor Mehriddin Rahmatov o‘z xonadonida svet ko‘p o‘chayotgani sabab maishiy texniklari kuyib qolayotganini aytgan video tarqaldi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist holat yuzasidan masʼullardan tushuntirish berishni so‘ragan.
Mehriddin Rahmatov videomurojaatida o‘zi yashaydigan Olmazor tumanidagi ko‘p qavatli uyda elektr toki ketma-ket o‘chib-yonayotganini taʼkidlagan.
“Buning orqasidan 1-2 narsalarimiz kuyib qoldi va kuyishda davom etyapti. Kecha konditsioner tuzattirganman. Bugun mana kuler kuyib qoldi. Xolodilniklar bor bu yoqda. Olmazor tumani elektr energiyasi taqsimoti xodimlariga, mutasaddilariga savolim: nima, sizlar bu ishni atayin qilyapsizlarmi? Balki, elektr energiyani tejash uchun shunday qilayotgandirsizlar? Lekin o‘chirib-yoqaverib, bizning qanchadan-qancha texnikalarimiz ishdan chiqayotganini, xalq qiynalayotganini bilasizlarmi? Yoki nima qilaylik? Yangilab olaylikmi yana? Nima qilaylik”, degan aktyor.

Keyinroq “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MCHJ Telegram kanalida video tarqatildi. Tasvirda murojaatga asosan, korxonaning Olmazor tuman elektr taʼminoti boshlig‘i va bosh muhandisi Mehriddin Rahmatov bilan uchrashgani aks etgan.
Suhbatda havo issiqligi sabab tok bosimi ortayotgani, yong‘in kelib chiqishini oldini olish uchun svet tez-tez o‘chirilayotgani aytilgan.
“Elektr o‘chirilishi to‘g‘risida oldindan xabar berishni imkoni yo‘qmi”, deb savol bergan aktyor masʼullarga.
“Bizlar yo‘l-yo‘riq qilolmayotganimiz sababi yuklamalarimiz qay paytda oshib ketishini aniq kiritolmayapmiz. Qachonki, talab oshgan paytda elektrni o‘chirishga majbur bo‘lyapmiz. Aholiga ko‘p zarar yetkazib qo‘yyapmiz”, deydi “elektroset” masʼuli.
“Svet o‘chirilishini oldindan aytishga harakat qilsanglar yaxshi bo‘lardi. Ijtimoiy tarmoqlarda ogohlantirib qo‘ying, iltimos”, degan Mehriddin Rahmatov.
Korxonaga ko‘ra, hozirda Toshkent shahrining nafaqat Olmazor, balki barcha hududlarida tarmoqlarni yangilash, podstansiyalar quvvatlarini oshirish ishlari ketmoqda.
Izoh (0)