Yevropaning MBDA kompaniyasi yana uzoq masofali SCALP raketalarini ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu haqda Fransiya mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu xabar berdi.

SCALP raketalari ishlab chiqarilishi 2025-yilda, bizning so‘nggi buyurtmamizdan 15 yil o‘tgach, yana tiklanadi. Bu Qurolli kuchlarimizni zamonaviy qurollar bilan ta’minlash uchun zarur, dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan ishlab chiqilgan SCALP va Storm Shadow raketalari Ukrainadagi urushda o‘z samaradorligini isbotlagan.
MBDA — Fransiya (Airbus), Buyuk Britaniya (BAE Systems), Italiya (Leonardo) va Germaniyaning qo‘shma korxonasi bo‘lib, Yevropadagi eng yirik raketa ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.
Kompaniya aprel oyida rekord darajadagi yuqori talab fonida buyurtmalarni bajarishga ulgurmayotgandi. 2024-yilda MBDA 13,8 milliard yevrolik shartnomalar oldi va umumiy portfeli 37 milliard yevroga yetdi. Bosh direktor Erik Beranje 2025-yilda kompaniya 2023-yilga nisbatan ishlab chiqarishni ikki baravarga oshirishini aytdi.
Shuningdek, u korxonaga fransuz harbiylari tomonidan “kuchli bosim” o‘tkazilayotganini ta’kidladi. Ular avvalgi ishlab chiqarish sikli uch yildan ortiq bo‘lgan Aster zenit-boshqariluvchi raketalarini yetkazib berishni ikki yilgacha qisqartirishni talab qilmoqda.
SCALP — Britaniyaning Storm Shadow raketalari bilan bir xil bo‘lgan “havo-yer” sinfidagi qanotli raketa hisoblanadi. Uning uchish masofasi modifikatsiyasiga qarab 250 kilometrdan 560 kilometrgacha o‘zgaradi. Raketaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u havo hujumidan mudofaa vositalarini chetlab o‘tish uchun past balandlikda (30-60 metr) ucha oladi. SCALP infraqizil yo‘naltirish tizimidan foydalanadi va yuqori aniqlikka ega. U qalinligi 3 metrdan 5 metrgacha bo‘lgan temir-beton bunkerlarni va boshqa mustahkam nishonlarni yorib o‘tishga qodir.
Izoh (0)