O‘zbekistonda yil boshidan buyon gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida davlat manfaatlariga 622 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazildi. Bu haqda 8-iyul kuni Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev ma’lum qildi.

2024-yilning shu davrida 550 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangandi.
Navro‘z Norboboyevning qayd etishicha, O‘zenergoinspeksiya tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr hamda gaz ta’minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda 2025-yil boshidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 1 394 nafar iste’molchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish va qoidabuzarlik holatlari aniqlangan. Bu vaqt davomida 118,8 million metr kub tabiiy gaz (294,8 mlrd so‘m) va 197,1 mln kilovatt soat elektr energiyasi (327,5 mlrd so‘m) noqonuniy foydalanilgan.
Iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 2 333 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi. Xususan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan holatlarning 1 078 tasi elektr energiyasi, 1 255 tasi esa tabiiy gazdan foydalanishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgan.
Navro‘z Norboboyevning bildirishicha, energiya resurslaridan ayrim “tadbirkor”larning noqonuniy foydalanishlari tarmoqlarda ortiqcha yuklanishlarga hamda energiya resurslar ta’minoti barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonda endilikda elektr energiyasi, gaz va suv tarmoqlariga noqonuniy ulanib, o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirishi kutilmoqda. Energiya resurslaridan behuda foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkorlar ham javobgarlikka tortilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)