Tramp ma’muriyati mart oyida adashib Salvadorga yuborilgan Kilmar Abrego Garsiyani boshqa mamlakatga deportatsiya qilishga qaror qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Kilmar Abrego Garsiyaga sud tomonidan 2019-yilda Salvadorga deportatsiya qilinmaslik to‘g‘risida qaror chiqarilgandi. Ammo 2025-yil 15-martda xatolik sabab u Salvadorga yuborilgandi. AQSH Oliy sudi aprel oyida deportatsiya xato ekani va uning Shtatlarga qaytarilishi kerak degan qaror chiqargan. Garsiyani 7-aprelga qadar qaytarilishi rejalashtirilgan edi, ammo Oliy sud buni muddatsiz vaqtga to‘xtatib turgan.
AQSH Ichki xavfsizlik departamenti Abrego Garsiya immigratsiya hibsxonasiga qaytganidan keyin deportatsiya jarayoni boshlanishini ma’lum qilgan. Bu haqda Adliya departamenti 26-iyun kuni bo‘lib o‘tgan qisqa sud majlisida ma’lum qilgan. Ammo, deportatsiya qilishning aniq sanani ochiqlanmagan.
“Bu jarayon 30 soniya, 30 kun yoki 30 oyda sodir bo‘lishi mumkin ekan-da?”, deb so‘radi Merilend federal okrug sudi sudyasi Paula Xinis sud majlisida.
Bu savolga adliya vaziri Jonatan Gayn quyidagicha javob berdi:
“Uni boshqa davlatga hoziroq deportatsiya qilish rejalashtirilmagan”.
Hujjatsiz muhojirning taqdiri hali ham aniq belgilanmagan. Ichki xavfsizlik va Adliya departamenti hozirda bu borada ziddiyatda ekani bildirilgan. Abrego Garsiyaning advokatlari uning Salvadordan boshqa noma’lum davlatga yuborilishi mumkinligidan xavotirda. Bu to‘g‘risidagi qaror bugun, 27-iyun kuni e’lon qilinishi ehtimoli bor.
Tramp ma’muriyatining Abrego Garsiyani Salvadorga deportatsiya qilishi 2019-yildagi immigratsiya qonunini buzgan. Shunday bo‘lsa-da, buyruq uning boshqa mamlakatga deportatsiya qilinishini istisno qilmaydi.
Abrego Garsiya hozirda Tennessi shtatida tergov izolyatorida sud nazorati ostida saqlanmoqda. Ammo u tez orada ushbu sudning vakolatidan ozod qilinadi va AQSH Ichki xavfsizlik departamentiga topshiriladi.
“Ushbu sudlanuvchi og‘ir jinoyatlarda, jumladan, bolalar savdosida ayblangan. Endi u mamlakatimizda erkinlikda yurmaydi”, dedi Adliya vazirligi matbuot kotibi Chad Gilmartin.
Oq uy ham Abrego Garsiyani sudga berishni istayotganini ochiqchasiga ta’kidlagan.
“Abrego Garsiya unga qo‘yilgan o‘ta og‘ir ayblovlar bo‘yicha sudga tortilish uchun Qo‘shma Shtatlarga qaytarildi. U sodir etgan jinoyatlari uchun tegishli jazoni Amerika qamoqxonasida o‘taydi”, dedi Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Abigayl Jekson.
Izoh (0)