Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan (KXSHT) chiqish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiladi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vaan Kostanyan ma’lum qildi.

Agar KXSHT bo‘yicha hamkorlar, jumladan Rossiya, ko‘p yillar oldin Armanistonning suveren hududiga qilingan hujumdan so‘ng muhokama qilingan siyosiy bayonotlarni bermasa, Armaniston yakuniy qarorini qabul qiladi, dedi Kostanyan.
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, Yerevan endi shama qilmay, balki ochiq-oydin gapirmoqda. U Armaniston suveren davlat sifatida keyingi qadamlar uchun zarur paytni o‘zi belgilashini aytdi.
2024-yil fevral oyida bosh vazir Nikol Pashinyan Armanistonning KXSHTdagi ishtiroki muzlatilganini e’lon qilgandi. May oyida esa Armaniston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat tashkilot ishini moliyalashtirishdan bosh tortishini bildirgan. 2025-yilning yanvar oyida Armaniston Tashqi razvedka xizmati ommaviy hisobotni e’lon qilgan. Unga ko‘ra, mamlakat yaqin kelajakda KXSHTda to‘laqonli ishtirok etishga qaytish niyatida emas.
Rossiya va KXSHT bilan munosabatlardagi kelishmovchilik Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi jangovar to‘qnashuvlardan so‘ng, Yerevan ittifoqchilardan yordam so‘rab rasman murojaat qilganida yuzaga keldi. Biroq, Moskva ustun rol o‘ynaydigan tashkilot faqat “xavotir” va “ta’ziya” bildirish bilan cheklandi. Shundan so‘ng Pashinyan KXSHTni Yerevanga yordam ko‘rsatmagani uchun bir necha bor tanqid qildi.
Izoh (0)