O‘zbekistonda pensiyaga chiqish yoshini bosqichma-bosqich oshirish lozim. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasining mamlakatga tashrifi yakunlari bo‘yicha xulosasida keltirilgan.

Jamg‘arma tahlilida O‘zbekiston pensiya tizimi qator islohotlarga muhtojligi qayd etilgan. Shu sabab tizim o‘rta muddatli barqarorlikni taʼminlay olishi uchun ayrim o‘zgarishlarni amalga oshirish zarur. Jumladan, quyidagi choralarni qo‘llash muhim:
- pensiyaga chiqish yoshini bosqichma-bosqich oshirish;
- avtomatik narx indeksatsiyasini joriy qilish (yaʼni inflyatsiyaga qarab pensiyani avtomatik oshirish);
- pensiya nafaqasi miqdorini mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha daromad asosida hisoblash;
- ayrim tashkilotlar uchun belgilangan imtiyozli badal stavkalarini bosqichma-bosqich bekor qilish bilan bir vaqtda standart badal stavkasini oshirish.
Jamg‘armaga ko‘ra, keksalikda kambag‘allikni kamaytirish maqsadida beriladigan har qanday ijtimoiy nafaqalar qatʼiy manzilli bo‘lishi lozim. Bular ehtiyojmandlikni baholash asosida aniqlanib, davlat byudjetidan moliyalashtirilishi va takrorlanishlarning oldini olish uchun boshqa ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari bilan uzviy bog‘liq holda boshqarilishi kerak.
Avvalroq O‘zbekistonda pensiya oluvchilar soni 4,2 mln nafarga yetgani xabar qilingandi. Bu aholining 11 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Lekin bu raqam respublikadagi jami pensionerlar sonini ifodalamaydi. “Daryo” manbasining maʼlum qilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tuzilmalaridan pensiyaga chiqqanlar hisobi va to‘lovlari alohida yuritiladi. U tashkilotlar quyidagilar:
- Prezident davlat xavfsizlik xizmati;
- Davlat xavfsizlik xizmati;
- Mudofaa vazirligi;
- Ichki ishlar vazirligi;
- Bosh prokuraturasi;
- Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
- Milliy gvardiyasi;
- Bojxona qo‘mitasi;
- Konstitutsiyaviy sud;
- Oliy sud;
- Sudyalar oliy kengashi.
Mazkur tashkilotlarda ishlab, pensiyaga chiqqan va hozir pul olayotgan pensionerlar soni to‘liq ochiqlamagan.
Izoh (0)