Janubiy Koreya doramalari ko‘plab tomoshabinlar uchun bu qiziqarli Osiyo mamlakatining tarixi, urf-odatlari va turmush tarzini o‘rganish vositasiga aylandi. Biroq har qanday badiiy asar kabi ular ham ko‘pincha voqelikni kerakli dramatik hikoya yaratish uchun o‘zgartirib ko‘rsatadi.
1. Soxta qashshoqlik
Koreys doramalarining ko‘plab qahramonlari og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan kambag‘al oilalardan chiqqan. Personajlarning kambag‘alligi ularning tashqi qiyofasi va xarakterlarini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Moliyaviy ahvolni yaxshilashga intilish, boy oila a’zosi bilan tanishish yoki katta miqdordagi pulni zudlik bilan to‘lash zarurati syujet rivojlanishining asosiy vositalariga aylanadi. Janubiy Koreyada boy va kambag‘allar, yirik va kichik biznes o‘rtasida kuchli ijtimoiy farq mavjud. Ayniqsa, 1997-1998-yillardagi Osiyo moliyaviy inqirozi va uning oqibatida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlardan so‘ng bu holat yaqqol sezila boshladi. Kam ta’minlangan kishilarning ko‘pincha koreys jamiyati tomonidan kamsitilishi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.
Shunday qilib, ijtimoiy tengsizlik kuchli dramatik to‘qnashuvni yaratish uchun chindan ham mustahkam asos bo‘lib, buni “Oskar”ga sazovor bo‘lgan “Parazitlar” filmi isbotladi. Biroq koreys seriallarida qashshoqlik ko‘pincha g‘alati tarzda tasvirlanadi. Masalan, mashhur “Merosxo‘rlar” seriali syujetiga ko‘ra, bosh qahramon Cha In-san uy xizmatchisi bo‘lib ishlaydigan onasi bilan yashaydi va faqat tirikchilik uchun yetarli bo‘lgan turli xil qo‘shimcha ishlar bilan shug‘ullanadi. Ammo ekranda tomoshabin butunlay boshqacha manzarani ko‘radi: Cha In-san tez-tez qimmatbaho kiyimlar, poyabzal va brend ryukzagini kiyib yuradi. Uning sodda jihozlangan xonadoni zamonaviy qimmatbaho mebellar bilan bezatilgan. Yana bir misol “Haqiqiy go‘zallik” romantik seriali bosh qahramoni, o‘rta maktab o‘quvchisi Lim Ju-gyondir. U oddiy kambag‘al oiladan bo‘lishiga va faqat maktabda o‘qishiga qaramay, qimmat kosmetikaga mablag‘ topadi va eng so‘nggi rusumli smartfondan foydalanadi.
Doramalardagi qashshoqlikning soxtaligi ko‘pincha mashhur koreys elektronika ishlab chiqaruvchilari, yirik kosmetika kompaniyalari yoki xalqaro avtomobil konsernlari hamda kiyim ishlab chiqaruvchilar bilan tuzilgan reklama shartnomalari tufayli yuzaga keladi. Qahramonlarning jozibali tashqi ko‘rinishi, doimo chiroyli turmaklangan sochlari va yaxshi kiyimlari bunga misol bo‘ladi. Janubiy Koreyaning ko‘plab oddiy fuqarolari aslida kambag‘al ko‘rinmaslikka intiladi, shu sababli tashqi ko‘rinishlariga ko‘p mablag‘ sarflaydi.
2. Zolushkalar shahzodalarni uchratmaydi
Koreys romantik doramalarining eng ko‘p uchraydigan syujetlaridan biri kambag‘al qiz va boy yigit o‘rtasidagi munosabatlardir. Zolushka va kelishgan shahzodalar haqidagi hikoyalarning eng mashhur davri 2008-2013-yillarga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, ular hozir ham uchrab turadi va katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ko‘pincha shahzodalar Janubiy Koreyaning yirik korporatsiyalarining merosxo‘rlari sifatida tasvirlanadi. Bir oila tomonidan boshqariladigan bunday yirik moliya-sanoat konglomeratlari “chebol” deb ataladi. Chebol hodisasi Janubiy Koreyada Koreya urushi tugaganidan so‘ng paydo bo‘lgan va hozirgi kunda ham mavjud bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotining muhim qismini tashkil etadi. Eng mashhur chebollar qatoriga Samsung, LG, Hyundai kiradi.
Ammo buning uchun siz ham badavlat va nufuzli shaxs bo‘lishingiz kerak bo‘ladi. Janubiy Koreya hamon iyerarxiya muhim o‘rin tutadigan mamlakat hisoblanadi. Oilalarda kattalarga so‘zsiz bo‘ysunish odat tusiga kirgan, ish joyida esa hatto rahbarlarning eng g‘alati qarorlariga ham e’tiroz bildirish yoki o‘zgacha fikr bildirish odatda qabul qilinmagan. Badavlat koreyslar ko‘pincha o‘zlariga o‘xshagan boy odamlar davrasida bo‘lishadi. Ular elita maktablarida ta’lim olishadi, keyin esa nufuzli va ko‘pincha chet el universitetlariga o‘qishga kirishadi.
Ko‘pchilik boy koreyaliklar uchun ijtimoiy mavqeyini saqlash muhim, shuning uchun ularning turmush o‘rtog‘i ham shu darajaga mos kelishi shart. Shu boisdan amalda Samsung korporatsiyasi asoschisining nabirasi Li Je-yon Daesang Group korporatsiyasi rais o‘rinbosarining qiziga uylangan. Ko‘p hollarda bu ikkala tomon uchun foydali bo‘lgan korporativ nikoh hisoblanadi va bunda muhabbatning hech qanday ahamiyati yo‘q.
So‘nggi o‘n yillikda Zolushkalar, “qiyin ahvolga tushgan qizlar” va haddan tashqari hissiyotli kambag‘al sodda qizlar o‘rnini maqsadga intiluvchan, mustaqil, shijoatli va o‘ziga ishongan ayol qahramonlar egalladi. Masalan, “Qidiruv: WWW”, “Yaxshi hamkor” yoki “Agentlik” dramalarida ayollar muvaffaqiyatli karyera qurib, turli kompaniyalarni boshqarmoqda va o‘z sohasining haqiqiy mutaxassislari sifatida namoyon bo‘lmoqda. Romantik munosabatlar ham teng ahamiyatli bo‘lib qoldi. Ularda shoshqaloqlik kamayib, yuzaga kelgan muammolarni birgalikda hal qilishga bo‘lgan ongli urinishlar ko‘paydi.
3. Janubiy Koreyada eng katta xavf — avtomobillardir
Doramalarda eng ko‘p uchraydigan voqealardan biri avtohalokatlar ekanligini payqagan bo‘lishingiz ehtimol. Ular dramaning harakatlantiruvchi kuchi sifatida qo‘llaniladi: ota-onalarning vafoti, xotira yo‘qolishi yoki jiddiy jarohatlar. Bu syujet ohangini romantikdan fojiaviyga o‘zgartirishning oson usuli yoki kasalxonada parvarish qilish orqali qahramonlarni bir-biriga yaqinlashtirishning vositasidir. Koreyslarning mashhur “Qish sonatasi” va “Jannatga yo‘l” dramalarida bosh qahramonlar halokat tufayli xotiralarini yo‘qotib, hayotlarini tubdan o‘zgartiradilar va sevgilisidan ajralishga majbur bo‘ladi.
Afsuski, bunday sahnalarga savollar tug‘iladi, chunki haydovchilar ko‘pincha tormoz berishga urinmaydi, yengil to‘qnashuvlar esa juda og‘ir oqibatlarga olib keladi. Shunday bo‘lsa-da, koreys dramalarida baxtsiz hodisalar shunchalik ko‘pki, ular allaqachon klassik klishelardan biriga aylangan.
Aslida Janubiy Koreyada yo‘l-transport hodisalari va o‘lim ko‘rsatkichi boshqa rivojlangan mamlakatlarga nisbatan ancha yuqori bo‘lib, bu holat hukumatni tashvishga solmoqda. Shu sababli hukumat faol ravishda bu ko‘rsatkichlarni pasaytirish choralarini ko‘rmoqda. Masalan, ko‘pchilik koreyalik haydovchilar piyodalar o‘tish joyida yashil chiroq yonib tursa ham, piyodalarga yo‘l berishni xohlamaydi. Shuning uchun chet ellik sayyohlarga yo‘lni kesib o‘tishda alohida ehtiyotkor bo‘lish tavsiya etiladi.
Shunday bo‘lsa-da, so‘nggi besh yil ichida yo‘llardagi o‘lim darajasi 80 foizga kamaydi va hozirda Janubiy Koreya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining 38 ta a’zo davlati orasida bu ko‘rsatkich bo‘yicha 9-o‘rinni egalladi. Demak, dramalarda oddiy, ammo ta’sirchan dramatik usul sifatida qo‘llaniladigan avtohalokatlar ma’lum darajada Koreyada mavjud yo‘l harakati muammolarini aks ettiradi.
4. Janubiy Koreyaning qorong‘i tomoni
Yorqin va jozibali romantikadan farqli o‘laroq, koreys detektivlari ko‘pincha Janubiy Koreyaning qorong‘i tomonini ko‘rsatishga intiladi. Hatto ko‘plab shafqatsiz trillerlari bor yirik G‘arb striming xizmatlari paydo bo‘lishidan oldin ham, Koreyaning OCN kanali vahimali detektivlarga ixtisoslashgan edi. Yomg‘ir, qorong‘i tor ko‘chalar, shafqatsiz qotilliklar, xavfli sektalar va jinoyatchilarning hukm surishi. Taranglik haddan oshib, badaningiz jimirlab ketadi. Detektiv va trillerlardagi Janubiy Koreya - har qadamda xavf poylab turgan nihoyatda qorong‘i joydir.
Aslida Janubiy Koreyada zo‘ravonlik jinoyatlari va o‘g‘riliklar rivojlangan mamlakatlar orasida eng past ko‘rsatkichlardan biridir. Politsiyaning samarali ishi va videokuzatuv kameralarining keng joriy etilishi ko‘cha jinoyatchiligining kamayishiga olib keldi.
Shafqatsiz mafiya urushlari 1990 va 2000-yillarda qolib ketgan bo‘lib, hozirda Koreya mafiyasi ko‘pincha qonuniy biznes niqobi ostida yashirin faoliyat yuritmoqda. Bu holat, masalan, “Jahldor ruhoniy”, “Vinchenso” yoki “Taksichi” kabi dramalarda yaxshi aks ettirilgan. Ko‘chalardagi xavfsizlik yaxshi bo‘lsa-da, yildan yilga kiberjinoyatlar, oilaviy zo‘ravonlik va o‘smirlar tajovuzkorligi holatlari soni ortib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan, masalan, maktabdagi bullingga bag‘ishlangan ko‘plab loyihalar Koreya jamiyatining dolzarb ijtimoiy muammolaridan birini haqiqatan ham aks ettiradi. Korrupsiya ham Janubiy Koreya dramalari va real hayotining ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda.
Izoh (0)