Vyetnamda AQSH prezidenti Donald Tramp oilasi biznesiga tegishli golf klubi quriladi. Fermerlarga 3200 dollar va guruch zaxirasi evaziga yerlarini bo‘shatish taklif qilindi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Qurilish ishlari sentyabr oyida boshlanishi mumkin. Minglab qishloq aholisi o‘n yillardan beri tirikchilik manbasi bo‘lgan yerlardan voz kechishga majbur bo‘ladi. Golf klubi — Tramp oilasi va Vyetnam hukumati o‘rtasidagi ilk qo‘shma loyiha bo‘lib, Vashington bilan muhim savdo muzokaralari paytida amalga oshirilmoqda.
Golf maydoni uchun ajratilgan 990 gektar hudud banan, longan va boshqa mevalar yetishtiriladigan bog‘larni o‘z ichiga oladi.
Butun qishloq loyihadan tashvishda, chunki u bizdan yerni tortib olib, bizni ishsiz qoldiradi, deydi 50 yoshli Xyong ismli fermer.
Loyihani Vyetnamning Kinhbac City kompaniyasi amalga oshiradi, ammo brend huquqi uchun Trump Organization’ga 5 million dollar to‘laydi. Klub qurib bitkazilgach, uni Trampning oilaviy biznesi boshqaradi. Ammo investitsiyalar va fermerlarga kompensatsiya to‘lashda ishtirok etmaydi.
Rasmiylarga ko‘ra, kompensatsiya yer maydoni va joylashuviga qarab belgilanadi. Ayrim fermerlarga 1 kvadrat metr uchun 12–30 dollar, ildizi bilan sug‘urilgan o‘simliklar va bir necha oylik guruch uchun qo‘shimcha to‘lov taklif etilgan. Vyetnamda qishloq xo‘jaligi yerlari davlat tasarrufida bo‘lib, fermerlar ularni uzoq muddatli foydalanish huquqi bilan ijaraga oladi.
Izoh (0)