Toshkent viloyati Bekobod tumanida pora olgan MIB xodimi 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan faol tadbir natijasida 1989-yilda tug‘ilgan, MIB Bekobod shahar davlat ijrochisi o‘z mansab vakolatlaridan foydalangan holda Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning aliment qarzdorligi uchun qo‘yilgan xorijga chiqish taqiqini yechib berish evaziga undan 20 million so‘m talab qilib, 13 million so‘mini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, davlat ijrochisi ushbu “xizmati” evaziga muqaddam 450 AQSH dollari va 1 mln 300 ming so‘m ham olgan.
Aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tuman sudining hukmiga binoan MIB davlat ijrochisi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora berish) 2-qismi “v” bandi va 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topilib, 2 yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi organlarda, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda rahbarlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Izoh (0)