Polkovnik Zufar Kurbanov Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti rahbari etib tayinlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident qaroriga ko‘ra, ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tugatilib, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti rahbari lavozimi kiritildi.
Zufar Kurbanov 2023-yilning sentyabridan buyon ichki ishlar ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Undan avval “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan.
Ichki ishlar organlari tarkibida Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilishi “Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilangandi. Ularning zimmasiga raqamli yechimlarni joriy etish va muvofiqlashtirish, elektron davlat xizmatlarini takomillashtirish, axborot xavfsizligini taʼminlash kabi vazifalar yuklatildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sinov tariqasida tumanlararo raqamli texnologiyalar bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzurida Raqamli loyihalar ofisi tashkil etiladi va unga Raqamli texnologiyalar vazirligining malakali mutaxassislari jalb etiladi.
Izoh (0)