Prezident tomonidan “Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

Qaror bilan, ichki ishlar organlari faoliyatida zamonaviy raqamli yechimlarni keng joriy etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini taʼminlashda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda sohada yagona texnologik yondashuvni shakllantirish belgilandi.
Ichki ishlar organlarining axborot infratuzilmasini yagona tizimga birlashtirish, kriminogen vaziyatlar tahlilini avtomatlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ichki ishlar organlari tarkibida Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilib, ularning zimmasiga raqamli yechimlarni joriy etish va muvofiqlashtirish, elektron davlat xizmatlarini takomillashtirish, axborot xavfsizligini taʼminlash kabi vazifalar yuklatildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sinov tariqasida tumanlararo raqamli texnologiyalar bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzurida “Raqamli loyihalar ofisi”ni tashkil etiladi va unga Raqamli texnologiyalar vazirligining malakali mutaxassislari jalb etiladi.
Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida iqtidorli yoshlar, IT-park rezidentlari bilan hamkorlikda innovatsion dasturiy mahsulotlar va startap loyihalari ishlab chiqish yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda aholiga elektron davlat xizmatlarini proaktiv va kompozit shaklda taqdim etish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha bir qator topshiriqlar belgilandi.
Izoh (0)