Tasavvur qiling, institutni tamomlab, biror korxonaga ishga joylashmoqchi bo‘ldingiz. Suhbat va sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, lavozimga rasmiylashtirilayotgan paytingiz aslida anchadan beri boshqa joyda “ishlayotganingiz” oydinlashdi. Qiziq holat, shunday emasmi?
Toshkent shahrining Chilonzor va Mirobod tumanlarida yashovchi Mohlaroyim Maʼrufxonova hamda Sarvinoz Tojiboyevalar xuddi shunday vaziyatga duch keldi. Ish beruvchi yoshlarning hujjatini rasmiylashtirayotganda, har ikki talabgor hozirda boshqa tashkilot ishchisi sifatida ro‘yxatda turgani maʼlum bo‘ldi. Bu qizlarning “ishga kirishi”, katta ehtimol bilan qaysidir rahbarning “yoshlarni ish bilan taʼminlagani” haqidagi hisobotini to‘ldirgan bo‘lishi mumkin.
“Daryo” muammoni o‘rgandi.
Muammoning yuzaga kelishi
Yuqorida nomlari keltirilgan yoshlarni ishga qabul qilmoqchi bo‘lgan Shahzoda Qo‘chqorovaning aytishicha, ular my.mehnat.uz bazasida bor, lekin soliq bazasida yo‘q.

Ikki nafar xodimni ishga olgandik. Ularni my.mehnat.uz orqali ro‘yxatdan o‘tkazishimiz kerak edi. Ikkalasi ham biz ishga olgunga qadar hech qayerda ishlamagan, ammo JSHSHIR bo‘yicha tekshirsak, ikkalasi ham o‘zi bilmagan holda boshqa tashkilotlarda ishlab kelayotgani maʼlum bo‘ldi. Mehnat vazirligi inspeksiyasiga murojaat qilib, holatni o‘rganishni so‘rasak, ular bu holatni tabiiy holdek, ajablanmay qarshi olishdi, deydi u.
“Daryo” jurnalisti bilan suhbatlashgan Mohlaroyim Maʼrufxonova hamda Sarvinoz Tojiboyevalar haqiqatdan ham ilgari hech qaysi tashkilotda ishlashmaganini bildirdi.
Shu paytga qadar qanaqadir MCHJda ishlaganimni bilmas edim. Yangi ish joyimga hujjat topshirib, ishimni rasmiylashtirish jarayonida 2024-yil iyun oyida “Ziyamuxamedova business” MCHJ ishchisi sifatida mehnat.uzda qayd qilinganimni bilib qoldim, deydi Mohlaroyim Maʼrufxonova.
Mohlaroyim va Sarvinoz ularning shaxsiy maʼlumotlari, pasport raqamlari qanday qilib MCHJ masʼullariga borib qolganidan bexabar.
Mening shaxsiy maʼlumotlarim qanday qilib o‘zim bilmaydigan tashkilotga borib qolgani qiziq. Ular shaxsiy maʼlumotlarim bo‘lmasa, meni ishga qabul qilisholmas edi-ku. Shaxsiy maʼlumotlarim nega o‘zga insonlar qo‘lida yuribdi?, deydi Sarvinoz Tojiboyeva.
Jurnalist Nozima Toshpo‘latovaning yozishicha, bunday holat masʼullarning “falon ish o‘rni yaratdik, falon yoshlarni ishga joyladik”, degan qo‘shib yozishlari uchun qilinadi.

Hisobot uchun qilishadi, ishlagani Bandlik vazirligi bazasida bor, lekin soliq bazasidan chiqmaydi, deydi jurnalist.
Shahzoda Qo‘chqorova aholi haqida maʼlumot beruvchi elektron tizimga kirish huquqi bo‘lgan va odamlarning shaxsiy maʼlumotlarini boshqalarga tarqatayotgan masʼullar ishini qoralamoqda.
To‘g‘ri, bu hozircha oddiy firmadir, ertaga o‘zining ishga joylashganini bilmagan insonning shaxsiy maʼlumotlari boshqalar orqali tarqalib, biror bir terroristik tashkilotda aʼzo qilib qo‘yilgan bo‘lsa nima bo‘ladi? Unda ishga olinganlarning xabari bo‘lmasa-da, ayab o‘tirishmasa kerak. Ish o‘rnini qo‘shib yozish — davlat rahbarini aldash-ku. Ilgari paxtani qo‘shib yozishardi, mayli, lekin odam bu — shaxs, uning maʼlumotlari daxlsiz bo‘lishi shart, dedi u.
Shaxsiy maʼlumotlar qanday sizdirilyapti?
Surishtiruvlarimizdan maʼlum bo‘lishicha, Mohlaroyim Maʼrufxonovaning shaxsiy maʼlumotlari ish beruvchilar qo‘liga u ro‘yxatda turuvchi “Pastki cho‘ja” MFYda faoliyat yurituvchi xodimlar xatti-harakati oqibatida yetib borgan va yoshlar bandligini taʼminlash haqidagi hisobotda raqamlarni “shishirish” maqsadida foydalanilgan bo‘lishi mumkin.
Namangan viloyatining Norin tumani “Pastki cho‘ja” MFY yoshlar yetakchisi Azizbek Abdumajidovning aytishicha, Mohlaroyim Maʼrufxonovaning ishsizligini u ro‘yxatga olgan.
Menga yoshlar markazidan Mohlaroyim haqida maʼlumot berib, norasmiy ishlayotganini aytishgandi. Shundan so‘ng uni yoshlar bazasiga kiritish hamda munosib ish topib berish uchun xonadoniga borib, uning dadasi bilan suhbatlashgandim. Barcha maʼlumotni olib, yoshlar balansiga kiritganman. Bu bazaga faqat men va bizning yuqori tashkilotimiz vakillari kira oladi. Bazaga kirish uchun alohida login va parol bo‘lishi kerak, deydi yoshlar yetakchisi.
Abdumajidovning qo‘shimcha qilishicha, mahallada shuningdek, ishsiz yoshlar va ishsiz aholi bandligini taʼminlashga hokim yordamchilari ham masʼul bo‘lib, ishsizlar haqidagi barcha maʼlumotlar hokim yordamchilarining planshetlarida ham bo‘ladi.
Moylaroyim haqidagi barcha maʼlumotlar MCHJga qanday yetib borganidan xabarim yo‘q. Men shunchaki maʼlumotlarni olganman va bazaga kiritganman, deydi yoshlar yetakchisi Azizbek Abdumajidov.
Shu mahallada hokim yordamchisi sifatida faoliyat yurituvchi Nurillo Abdug‘afforov Mohlaroyim Maʼrufxonova 2024-yilning iyun oyida MCHJga ishga qabul qilinganini bilgach, u paytda bu mahallada faoliyat yuritmaganini, ammo haqiqatdan ham uning qo‘lidagi planshetda mahalladagi barcha ishsizlar hamda aholi haqida barcha maʼlumotlar bo‘lishini tasdiqladi.
Yoshlar bo‘yicha yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar bo‘yicha xotin-qizlar faoli ishsizlarni, ishli bo‘lganlarni bazaga kiritsa, men mahallada yashovchi aholi bilan ishlab, ularning ishsizligi, ishga muhtojligi haqidagi maʼlumotni to‘playman. Hamda bazaga kiritaman. Shuningdek, bu haqda tuman bandlik bo‘limiga maʼlumot beraman, deydi Nurillo Abdug‘afforov.
Norin tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Xayrulla Jo‘rayev vaziyatdan xabari yo‘qligini aytib, tez orada buni o‘rganishini va adolatli yechim qilishini bildirdi. Shuningdek, hokim yordamchisi ularga maʼlumot taqdim etishini inkor qildi. Uning xodimi Mansurbek Karimov esa hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi kelib chiqqan vaziyatda aybi yo‘qligini aytib, tushuntirish xati yozganini ochiqladi.


“Nafaqa so‘rab kelgan ayol biror tashkilot ishchisiga aylanib qoladi”
“Daryo” jurnalisti bilan suhbatlashgan va ism-sharifi, ish joyi sir qolishini so‘ragan mahalla raisining aytishicha, nafaqat Namanganda, respublikaning barcha hududlarida fuqarolarning o‘zi bilmagan holda qaysidir MCHJ ishchisi, qaysidir tashkilot xodimi bo‘lib qolishi kabi holatlar juda ko‘p. Va bu — tizimdagilar uchun yangilik emas.
Mahallaga bola puli olish uchun murojaat qilgan ishsiz xotin-qizlar hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi yoki raisdan yordam so‘raydi, masʼullar esa uni qaysidir tashkilot ishchisi sifatida yozdirib qo‘yadi. Bu hokim yordamchisining bazasida, bandlik bo‘limlarining hisobotlarida ko‘rinadi. Lekin soliq bazasida ko‘rinmaydi. Nafaqa so‘rab kelgan ayol o‘zi bilmagan, ko‘rmagan tashkilot ishchisi sifatida qayd etilib, nafaqani olay boshlaydi. Yordamchi esa xizmati uchun murojaatchining bir oylik nafaqasiga ega chiqadi. Kun kelib ayol ishga joylashaman desa, boshqa tashkilot ishchisi sifatida ko‘rinadi, deydi u.
Raisning qo‘shimcha qilishicha, rasmiy ish joyi yo‘q ayol shu yo‘l bilan nafaqaga erishsa, mahalla yettiligi, bandlik bo‘limi masʼullari hamda tuman rahbarlari shunday hisobotlar orqali falon kishining bandligi taʼminlandi degan hisobotni “shishiradi”.
Davlatimiz rahbari har bir yig‘ilishda aholini ishli qilish haqida topshiriq beradi. Hududlardagi masʼullar esa prezident topshirig‘ini faqat qog‘ozda bajaradi. Amalda esa buning aksi. Meni hayron qoldirayotgani — bu yolg‘onga faqatgina quyi bo‘g‘in emas, undan yuqoridagilar ham qo‘shilmoqda, — deydi u.
Rasmiylar nima deydi?
“Daryo”ning bu haqdagi so‘roviga javob qaytargan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, Mohlaroyim Maʼrufxonovani o‘zining xabari yo‘q holda ishga olgan MCHJga chora ko‘rilgan.
Ushbu holat o‘rganib chiqilib, qonunbuzilishga yo‘l qo‘yganligi uchun “Ziyamuxamedova business” MCHJ rahbariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga muvofiq maʼmuriy jarima qo‘llanilgan. Shuningdek, fuqaro Maʼrufxonova Mohlaroyim Hasanxon qizi va boshqa fuqarolarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan o‘chirish bo‘yicha 2024-yil 22-avgustda “Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi” MCHJ va Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiyapparat kompleksini boshqarish direksiyasiga xat yuborilgan, — deyiladi vazirlik axborot xizmati bergan maʼlumotda.
Afsuski, “Ziyamuxamedova business” MCHJ bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Tashkilotning ochiq manbalarda ko‘rsatilgan telefon raqamlari ishlamadi. Elektron pochtasiga yuborilgan so‘rovlarimiz esa javobsiz qoldirildi.
Vazirlik, shuningdek, Sarvinoz Tojiboyeva masalasi ham o‘rganilganini bildirdi. Tojiboyevaning “Daryo”ga aytishicha, uning arizasini o‘rganib chiqqan vazirlik masʼullari unga Soliq idorasiga borib, muammosini hal qilishini maslahat bergan.
Soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova “Daryo”ning mazkur masala yuzasidan yo‘llagan savollariga javob berar ekan, “Soliq agenti har oyning 15-sanasiga qadar Soliq qo‘mitasiga ishchilariga hisoblangan soliq bo‘yicha hisobot topshiradi va soliqlarni to‘laydi. Agar soliq xodimlari korxonada hisobotda ko‘rsatilganidan ko‘ra ko‘proq (norasmiy) ishchilar borligini aniqlasa bunga nisbatan Soliq kodeksining 223-moddasida ko‘rsatilgan tartibda chora ko‘riladi. Agar fuqaro o‘zi ko‘rsatilgan korxonada ishlamagan, lekin hisobotlarda ko‘satilgan bo‘lsa uni fuqaro korxona bilan sud orqali yoki boshqa tegishli tashkilot bilan hal qilishi kerak. Soliq idorasi bu korxonalar hisobotini ko‘tarib, ko‘rsatilmagan hamda soliq hisoblanmagan holatlar bo‘yicha talabnoma beradi”, — dedi.

“Daryo”da avvalroq Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Jizzax viloyati boshqarmasida faoliyat yuritgan sobiq xodimi hududdagi quruvchi tashkilotlarga maʼlum bir haq evaziga formula qilib berish orqali “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida qurilish-pudrat tashkilotlari ishchisi sonini sunʼiy ravishda oshirib ko‘rsatayotgani hikoya qilingandi. Maqolada Dilshod Mirzayev ismli fuqaro o‘zi bilmagan holda yillar davomida bir nechta qurilish tashkilotlari ishchisi sifatida faoliyat yuritib kelgani ochiqlangandi.
Yaqinda oylik maoshim yetmayotgani sabab bolalar nafaqasini olish uchun onlayn ariza topshirishga kirishdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, men 2023-yilning may oylaridan boshlab o‘nlab qurilish tashkilotlarida ishchi sifatida ro‘yxatga olinganman. Qaysidir qurilish tashkiloti 45 ming maosh yozsa, boshqasi uch ming so‘m maosh berganini maʼlum qilgan. Oqibatda men bazada o‘nlab tashkilotlar ishchisi sifatida ko‘rsatilganman va nafaqa olish haqidagi so‘rovim rad etildi, — degandi Dilshod Mirzayev.
Biroq, masʼullar maqolada tilga olingan bu holatni eʼtibordan chetda qoldirgan edi.
Buzuq mexanizm
Bu yerda asosiy masalalardan biri — hokim yordamchilariga qo‘yilayotgan reja va KPI bilan bevosita bog‘liq. Yaʼni, har bir hokim yordamchisi oy, chorak va yillar kesimida qancha fuqaroni ish bilan taʼminlagani yoki bandligini taʼminlashga ko‘maklashgani haqida hisobot topshiradi. Uning maoshi va mukofot pullari ana shu ishlarni qanchalik ko‘p bajarganligiga bog‘liq.
“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan hokim yordamchilaridan biri tizimda yuqoridagi talablar borligini tasdiqladi. “Hokim va hokim yordamchisi har chorakda bandlik bo‘yicha alohida hisobot topshiradi. Hech kimni ish bilan taʼminlay olmagan yordamchisining ishi past baholanadi, mukofot pullaridan mahrum etiladi va hattoki jazolanishi ham mumkin. Bandlik rejasini bajarganlarning ishi esa besh, mukofotlar ham ularga yoziladi”, — dedi ismi sir qolishini so‘ragan hokim yordamchilaridan biri.
Kimni aldamoqchisiz?
O‘zbekistonda ishchilar sonini ko‘rsatishda statistika va amaldagi holat bir-biriga to‘g‘ri kelmasligini tan olgan viloyat hokimlari ham bor. Masalan, Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev viloyatdagi fermer xo‘jaliklari haqida gapirib, 200 gektargacha yeri bo‘lgan fermerlar ham soliq to‘lovlaridan qochish uchun ishchilarini qonuniy mehnat shartnomasi asosida ishga olmayotganini, ammo statistikada ko‘plab ishchisi borligini ko‘rsatuvchi yolg‘on maʼlumotlar berganini aytib, buni “jinoyat” deb atagan edi.
Xo‘sh, masʼullar bu kabi qo‘shib yozishlar bilan kimni aldamoqchi? Yordamchi hokim va vazirni, vazir va hokim esa davlat rahbarinimi? Bir qarashda kichik ko‘ringan bu mavzu aslida juda jiddiy muammo. Bu tizim odamlarga manfaat emas, aksincha zarar bermoqda. Masʼul idoralar yuqorida aytilgan holatlarni sinchiklab o‘rganadi, ko‘zbo‘yumachilik, qo‘shib yozish kabi illatlar hamda boshqa qonunbuzilishlar bartaraf etiladi, deb umid qilamiz.
Mavzuga yana qaytamiz.
Izoh (0)