Joriy yilning 1-yarmida O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlarning 36,8 foizini Rossiya fuqarolari tashkil etgan. Bu raqamlar Statistika agentligining O‘zbekistonning demografik holati bo‘yicha bergan maʼlumotida aks etgan.
Qancha odam ko‘chib keldi?
O‘zbekistonga 2023-yilning yanvar-iyun oylarida ko‘chib kelganlar soni 106,3 ming kishini tashkil etdi. Shundan erkaklar 44,3 ming nafar, ayollar 62 ming nafar.
Mamlakatdagi shahar joylariga 81,9 ming, qishloq joylariga 24,4 ming xorijlik ko‘chib kelgan.
Doimiy yashashga kelganlar
Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, 6 oy davomida mamlakatga ko‘chib kelganlarning ko‘p qismi Rossiya va qo‘shni davlatlar fuqarolari hissasiga to‘g‘ri keldi.
“Respublikaga xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlarning asosiy qismi Rossiya (jami xorijdan ko‘chib kelganlarga nisbatan 36,8 foiz), Qozog‘iston (24,2 foiz), Tojikiston (13,1 foiz), Qirg‘iziston (5,4 foiz), Turkmaniston (1,8 foiz) va boshqa mamlakatlar (18,7 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda”, — deyiladi manba axborotida.
Jumladan, yarim yil ichida O‘zbekistonga doimiy yashash uchun Rossiyadan 582 kishi, Qozog‘istondan 382 kishi, Tojikistondan 207 kishi, Qirg‘izistondan 86 kishi ko‘chib kelgan.
Hududlar bo‘yicha taqsimot
Yanvar–iyun oylarida Toshkent shahriga xorijiy davlatlar fuqarolari eng ko‘p (46 ming 222 nafar—jami ko‘rsatkichning 31,3 foizi) ko‘chib kelgan. Eng kam xorijliklar esa Namangan viloyatiga (1 ming 191 nafar) ko‘chgan.
Ko‘chib kelganlarning o‘sish surʼati eng yuqori darajasi Buxoro, Samarqand, Xorazm, Surxondaryo, Navoiy viloyatida kuzatilgan. O‘sish surʼatining past darajasi esa Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Andijon viloyatlari va Toshkent shahrida qayd etilgan.
Yosh taqsimoti
Yarim yil mobaynida jami ko‘chib kelganlarni yosh guruhlari bo‘yicha taqsimlaganda, 83,2 foiz xorijliklar mehnatga layoqatli yoshdagilar ekani aniqlangan. Shuningdek, 8,9 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 7,9 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Maʼlumot uchun, ko‘chib kelganlar soni – ko‘chib kelganlarning absolyut miqdori, yaʼni muayyan hududga uning tashqarisidan ko‘chib kelganlardan iborat. Ichki ishlar organlari tomonidan aholini yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda tuziladigan ko‘chib kelishni statistik hisobga olish varaqalarini qayta ishlash natijasida aniqlanadi.