Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni investitsiya bo‘yicha 2024-yildagi natijalar sarhisobi va kelgusi yilgi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2017-yildan buyon mamlakat iqtisodiyotiga barcha manbalar hisobidan 188 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Shundan 87 milliard dollari chetdan jalb qilingan. Natijada investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 30 foizdan oshib, barqaror iqtisodiy o‘sishga zamin bo‘lyapti.
Bu yil iqtisodiyotga kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,3 baravar ko‘payib, 36 milliard dollardan oshdi. Bularning hisobiga yil boshidan buyon qo‘shimcha 70 trillion so‘mlik qiymat beradigan 560 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirildi. Kelasi yildan eksportni yana 1 milliard dollarga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Soha va hududlarda ochilayotgan imkoniyatlar bilan bu natijalarni yanada oshirsa bo‘ladi.
Yig‘ilishda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri 2025-yilgi rejalar to‘g‘risida axborot berdi.
Kelgusi yil 43 milliard dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali 300 dan ortiq yirik loyiha bajarilishi, import o‘rnini bosuvchi 662 ta yangi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Davlat rahbari buning uchun xorijiy investorlar bilan manzilli ishlab, yanada qulayliklar yaratish, erishilgan barcha kelishuvlarni yuqori darajada amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, bugungi kunda 1 ming 890 ta loyiha bo‘yicha ish ketmoqda. Ularning ijrosini jadallashtirish uchun masʼullar belgilandi.
Yig‘ilishda tashqi savdo masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Jahonda kuzatilayotgan murakkab vaziyatda bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Eksport-logistika zanjirlari qiyinlashayapti, asosiy eksport bozorlarimizda tayyor mahsulot olish kamayyapti.
Bunday sharoitda ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilib, iqtisodiy taraqqiyot surʼatlarini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
2030-yilgacha mamlakatning yillik eksport hajmini 2 barobar oshirib, 45 milliard dollarga olib chiqish maqsadi belgilangan. Bu rejadagi investitsiyaviy loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirib, yuqori qiymatli mahsulot va xizmatlarni ko‘paytirishni, eksport geografiyasini kengaytirishni talab etadi.
Mutasaddilarga rejalar ijrosini doimiy tahlil qilib, ishni joylarda sifatli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Izoh (0)