Daryo

NATO Rossiya tahdidi fonida harbiy brigadalar sonini ko‘paytirmoqchi

Nemis nashriga ko‘ra, NATO 2022-yildan beri Rossiyani bevosita tahdid sifatida baholab, Moskvadan kelayotgan xavfga qarshi turish uchun alyans harbiy qudratini oshirishga chaqirmoqda

1 daqiqa o‘qish11 458 ko‘rishlar0 izoh0

Shimoliy Atlantika alyansi har biri taxminan 5 mingta harbiy xizmatchidan iborat qo‘shimcha 49 ta jangovar brigada tuzishni rejalashtirmoqda.

Foto: Getty Images

Qayd etilishicha, ularning umumiy sonini 131 ta brigadaga yetkazish rejalashtirilgan. Welt nashriga ko‘ra, NATO 2022-yildan beri Rossiyani bevosita tahdid sifatida baholab, Moskvadan kelayotgan xavfga qarshi turish uchun alyans harbiy qudratini oshirish kerakligini qo‘shimcha qilgan. 

“2021-yilda 82 ta jangovar brigada yetarli deb hisoblangan bo‘lsa-da, kelajakda ularning soni 131 ta bo‘lishi kerak”, deyiladi xabarda.

Bu Bundesverda (Germaniya armiyasi) har birida 5 mingga yaqin harbiy xizmatchidan iborat bo‘lgan 49 ta yirik tuzilmaga ko‘payishini anglatadi. Ushbu qo‘shinlarni boshqarish va qo‘llab-quvvatlash uchun “jangovar korpuslar” soni 6 tadan 15 taga, diviziya shtablari esa 24 tadan 38 taga yetkazilishi kerak. Bundan tashqari, texnologiya, xususan, havo hujumidan mudofaa, o‘q-dorilar, uzoq masofali qurollar, logistika va transport bo‘yicha harakatlar amalga oshirilishi lozim.

Havo hujumiga qarshi mudofaa vositalari soni 293 tadan 1467 tagacha — deyarli besh baravar oshishi kutilmoqda. Bu Patriot, IRIS T-SLM, Skyranger kabi qurol tizimlari, shuningdek, yaqin va uzoq masofali mudofaa vositalarini o‘z ichiga oladi. Vertolyotlar soni ham 90 tadan 104 tagacha ko‘payishi kutilmoqda.

Avvalroq Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Litva Seymasida (parlament) so‘zlagan nutqida “Rossiya qurol ishlab chiqarishni hamda qurolli kuchlarini keskin oshirayotgani”ni ma’lum qilgan. Vazir, shuningdek, G‘arb davlatlari yaqin 3-5 yil ichida Rossiya bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan urushga tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiya NATO davlatlariga hujum qilishga tayyorligi haqidagi G‘arb bayonotlari bema’nilik ekanligini aytgan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar