Toshkent viloyati Olmaliq shahrida maktab o‘quvchilari suvdan zaharlangani haqida xabar berilgandi. “O‘zsuvta’minot” holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktab o‘quvchilari sog‘lig‘idan shikoyat qilib, 15-sentyabr kunidan 19-sentyabr kuniga qadar 12 nafar o‘quvchi o‘tkir ichak kasalligiga gumon qilinib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilgan.
Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasi hamda “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ va Olmaliq shahar suv ta’minoti korxonasi xodimlari hamkorligida tekshirish ishlari olib borilib, suvdan, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa vositalardan kimyoviy tahlil uchun namunalar olingan.
Shuningdek, aholidan ichimlik suvi sifati bo‘yicha ma’lumot olinganda, ularda e’tiroz hamda ichimlik suvi sababli sog‘lig‘ida shikoyat yo‘qligi aytilgan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasi Olmaliq shahar bo‘limi tomonidan 20-sentyabrda “Buxoro” maktabidan olingan 4 ta ichimlik suvi namunalari xulosasiga ko‘ra, ichimlik suvi belgilangan me’yor talablariga javob beradi.
Hozirda holat yuzasidan Olmaliq tuman prokuraturasi, bolalar ombudsmani, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan qo‘shimcha tekshiruv olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani maktab o‘quvchilarining sog‘lig‘i ijobiy ekanini, ularning 7 nafariga uyida davolanishga javob berilganini bildirgan.
Bundan avval Toshkent shahrida bitta kafeda ovqatlangan 23 kishi zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan edi.
Izoh (0)